AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Qurolli kuchlar bosh shtabi rahbari general Braun bugun Isroilda Mudofaa vaziri Yoav Gallant bilan uchrashdi. O’tgan hafta mintaqaga safar qilgan AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan Isroil rahbarlaridan G’azodagi harbiy amaliyot paytida tinch aholini ayashni so’ragan.
Your browser doesn’t support HTML5
Ostin ham uchrashuvlarida shunga urg’u bermoqda. AQSh mudofaa vaziri, shuningdek, Isroil harbiylarining urushning keyinchi bosqichiga doir rejalari haqida o’rganmoqchi. Ostin Bosh vazir Benyamin Netanyaxu bilan ham uchrashdi, Qatar va Bahranga boradi.
“Biz Isroilning garovdagilarni topib ozod etish missiyasini qo’llab-quvvatlashda davom etamiz. G’azoda uylarini tark etgan salkam ikki million aholini ko’proq gumanitar yordam bilan ta’minlashimiz kerak va yordam taqsimotini yaxshilash lozim”, - dedi Ostin Netanyaxu bilan uchrashuv chog’ida.
Isroil hujumlarida G’azoda o’lgan bolalar soni tobora oshib borayotgani AQSh qonunchilarini xavotirga solmoqda.
“G’azoda 6 mingdan 8 minggacha bola o’ldirilgan, hudud aholisining 85 foizi uylarini tark etgan. Hozir boshpanalarda yashashmoqda, kasalliklar ko’paymoqda”, - deydi Vakillar palatasining demokrat a’zosi Debbi Dingel.
XAMAS 7-oktabr kuni garovga olgan isroilliklar va xorijliklarning uch nafari o’tgan juma Isroil askarlari tomonidan adashib otib o’ldirilgani Isroilda noroziliklarga sabab bo’ldi, Netanyaxu hukumatiga qarshi namoyishlar o’tkazildi.
Vositachi rolini bajarayotgan Qatar gumanitar tanaffusni yangilashga harakat qilmoqda. Isroil hujumlari to’xtamasa, XAMAS garovda qolayotgan 130 dan ortiq odamni ozod etmoqchi emas.
G’azoda Isroil o’qidan o’layotgan muxbirlar soni ham ortib bormoqda. Juma kuni Xon-Yunus shahrida Al-Jazira kanalining videotasvirchisi o’ldirilgan, yahudiy askarlar shifokorlarni uning yoniga darrov yo’latmagani aytilmoqda. 7-oktabrdan beri jami 90 dan ortiq jurnalist o’ldirilgan.
Vashingtonda asoslangan Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasining eksperti Aaron Deyvid Millerning bashorat qilishicha, Isroil yanvar o’rtalari yoki oxiriga yaqin harbiy amaliyot ko’lamini susaytirishi mumkin.
Bugun AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining direktori Bill Byorns Varshavada Qatar Bosh vaziri Muhammad bin Abdulrahmon al-Taniy va Isroilning Mossad josuslik agentligi direktori Deyvid Barnea bilan uchrashib, garovdagilarni ozod etish yo’llari xususida gaplashgan. G’azoga gumanitar yordam yo’llash haqida ham muhokamalar bo’lgan.
Yakshanba kuni Isroil urush boshida yopilgan G’azo bilan chegaradagi Kerem Shalom chegara punktini ochishga qaror qildi. Bugun u orqali sektorga yuk mashinalari kirgan. Gumanitar yukning asosiy qismi Misr bilan chegaradagi Rafah punkti orqali yetkazilmoqda.
Haydovchilar mashinalar chegarada 17-18 kunlab turishga majbur ekanini, G’azoga yetarlicha yuk kirmayotganini, gumanitar yukdan bebahra qolgan rayonlarda narx-navo oshayotganini aytadi.
XAMAS harakati G’azodagi qatliomlarga AQSh ham sherik ekanini ta’kidlab kelmoqda. Bir paytlar AQSh Isroil va Falastin o’rtasidagi mojaroda vositachi bo’lgan edi.
1993-yilda imzolangan “Oslo bitimi” tinchlik jarayoniga poydevor deb ko’rilgan edi. Biroq AQSh mudofaa vazirining sobiq yordamchisi Lorens Korbning da’vo qilishicha, kelishuvni birinchi bo’lib falastinliklar buzgan.
“Falastinliklar birlashmasa bo’lmaydi. Hozirgi rahbari Mahmud Abbos qarib qolgan, undan foyda chiqmaydi. Mavjud vaziyat yangi hukumatning paydo bo’lishiga olib kelsa, bu katta yutuq bo’ladi, mintaqada barqarorlikni ta’minlash osonlashadi”, - deydi endilikda Amerika taraqqiyoti markazida ishlayotgan ekspert.
Prezident Jo Baydenning aytishicha, Isroilning G’azodagi tartibsiz hujumlari va ko’plab begunoh insonlarning o’layotgani ko’p mamlakatlarda Isroilga bo’lgan munosabatning salbiylashishiga sabab bo’lmoqda. Bayden Netanyaxuga millatchi hukumati tarkibini o’zgartirishni tavsiya qildi.
AQSh hukumatini hozirgi vaziyatda noxolis va bir taraflama deb bilgan minglab amerikaliklar ko’plab shaharlarda namoyish qildi.
Oq uy va Davlat departamentidagi ayrim xodimlar esa Bayden siyosatiga e’tiroz bildirib, kollektiv xatga qo’l qo’ygan, ba’zilari hatto iste’fo berdi.