Rossiya qamog’ida saqlanayotgan amerikalik muxbirlar

  • Amerika Ovozi

Amerikalik jurnalist Evan Gershkovich Rossiyada qamalganiga bir yil bo’ldi. Shu hafta Moskva sudi uning hibsxona muddatini yana uch oyga cho’zdi. AQShning Rossiyadagi elchisi Linn Treysi Gershkovichni ozod etish vaqti kelganini aytadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 28-mart, 2024-yil

"Rossiya hukumati uning aybini isbotlovchi dalil keltirgani yo’q hali. Evanning hibsxonada saqlanishiga asos yo’q, jurnalist sifatida ishini bajargani nega jinoyat ekanini tushuntirishgani yo’q”, - deydi elchi.

32 yashar Gershkovich o’tgan yil 29-martida Moskvadan 1600 kilometr narida joylashgan Yekaterinburg shahrida hibsga olingan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati uni AQSh razvedkasi uchun harbiy sirga doir ma’lumot to’plaganlikda ayblaydi. Sud muxbirning garov evaziga ozodlikka chiqish iltimoslarini bir necha bor rad etdi.

Gershkovich muxbirlik qilgan “Wall Street Journal” gazetasi tergov qachon tugab, ish qachon sudga oshirilishini bilmasligini ma’lum qiladi.

Sud uni aybdor deb topsa, Gershkovich 20 yilgacha qamalishi mumkin. U Rossiya qamog’ida o’tirgan yagona amerikalik jurnalist emas. “Ozodlik” radiosining muxbiri Alsu Kurmashevaning hibsxonada saqlanganiga yaqinda olti oy bo’ladi.

Unga bir necha ayblov qo’yilgan, jumladan, xorijiy agent sifatida ro’yxatdan o’tmagani. Aybi isbotlansa, 15 yilgacha qamalishi mumkin.

Amerikalik taniqli telejurnalist Taker Karlson Moskvada Prezident Putin bilan suhbat paytida Gershkovich haqida so’raganida Rossiya rahbari uni G’arb qamog’ida o’tirgan rossiyalikka almashishga tayyor ekanini bildirgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Gershkovich bilan bog’liq mahbus almashishga doir muhokamalar ovoza qilinmasdan, ortiqcha shovqinsiz, mutlaq sokinlikda o’tkazilishi zarur.