AQSh va Rossiya munosabatlari sovuqlashar ekan, Vashington Rossiyaning uch diplomatik idorasini yopishni buyurdi. Nyu-York va Vashingtondagi idoralar hamda San-Fransiskodagi bosh konsullikni yopish uchun muddat - 2-sentabr.
“Afsuski, Rossiyaning bizga qarshi qarorlariga javob berishga majburmiz. Nizo va janjallarni tugatib, do’stona munosabatlarga o’timiz kerak”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Sara Xakabi.
Iyul oyida Vladimir Putin AQSh elchixonasi va vakolatxonalaridagi xodimlar sonini 755 kishiga qisqartirishni buyurgan edi. Undan oldin esa Barak Obama Oq uyni tark etishi oldidan 35 rus diplomatini mamlakatdan haydagan.
Rossiyani 2016-yilgi saylovga aralashganlikda ayblagan Qo’shma Shtatlar yaqinda Moskvaga qarshi qo’shimcha sanksiyalar ham qo'ydi. Donald Tramp va uning saylov kampaniyasi ruslar bilan til biriktirganmi, yo'qmi, AQShda maxsus prokuror va Kongress buni tekshirmoqda.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat o'rtasida ziddiyat kuchayib borayotganidan afsusda.
"AQShning so'nggi qarorini o'rganib chiqib, munosib javob qaytaramiz", - deydi u.
Rossiyaning San-Fransiskoda yopilayotgan konsulligi eng kattalaridan. Undan tashqari Nyu-York, Xyuston va Siettl shaharlarida ham rus konsulliklari bor. Vashington va Nyu-Yorkdagiidoralar esa asosan savdo uyi sifatida ishlatilgan.
Ammo rossiyalik diplomatlar AQShdan haydalayotgani yo'q. Yopilayotgan missiyalar xodimlari boshqa konsulliklarga ko'chirilishi mumkin.