Rossiya hukumati Vashingtondan o'tgan yili, Barak Obama prezidentlik davrida, musodara qilingan mulklarini qaytarishni talab qilmoqda. 2016-yilgi prezident saylovlari paytida Kreml yetakchiligida Amerika tizimlariga kiber-xuruj qilingan deya xulosa ketidan shunday qadamlar tashlangan edi. Xulosa AQSh razvedka organlariga tegishli. Nyu-York va Merilend shtatlaridagi ikki koshona o'shanda tortib olingan.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida bu ishlar "o'g'rilik". 35 diplomat josuslikda ayblanib, haydalgan.
Rossiya bunga javoban ochiq tarzda biror chora ko'rmagan. Biroq Lavrov deydiki, agar talablar bajo keltirilmasa, Rossiya ham AQShning Moskvadagi elchixonasiga tegishli dacha va omborxonani tortib oladi.
Donald Tramp prezidentlikka kelgach, Rossiya mulklari qaytib beriladi, deya taxmin qilingan edi. Lekin bunday bo'lmadi.
Ayni damda Rossiya saylov paytida Amerika ovoz berish tizimlariga qanchalik ta'sir qila olgani va Tramp atrofidagi odamlar bilan qanchalik yaqin aloqada bo'lgani tergov ostida.
17-iyul kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibi muovini Tomas Shennon va Rossiya Tashqi ishlar muovini Sergey Ryabkov uchrashganida ham "mulklarni qaytarish" masalasi muhokama qilingan.
Lavrov fikricha, Amerika poytaxtida Rossiyaga nisbatan "asossiz" nafrat va norozilik kuchli ekan, rishtalar tuzalmaydi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko'ra, "diplomatik mulklar egasiga qaytarilishi shart, hech qanday shartsiz".
Prezident Vladimir Putin Amerika razvedkasini ayyorlikda va butun mashmasha ortida turganlikda ayblab keladi. Bu borada u Tramp bilan yaqinda Germaniyada Katta Yigirmalik sammitida uchrashganida ham aytgan.
Kreml, deydi Peskov, AQSh esini yig'ib, uzoqni ko'zlab, bu muammoni hal etadi, degan umidda.
Facebook Forum