AQSh Saudiya Arabistoniga katta hajmda qurol-aslaha sotadi

  • Amerika Ovozi

Amerika tarixida hali buncha katta miqdorda qurol sotilmagan. Oq Uy bu borada Kongress bilan uzoq maslahatlashgan.

AQSh Saudiya Arabistoniga 60 milliard dollarga teng qurol sotishga qaror qilgan. Qiruvchi samolyotlar, harbiy vertolyot va boshqa aslahalar tilga olinadi. Obama ma’muriyati shu tariqa o’z ittifoqchisini dushman hujumidan, terrorizm xavfidan himoya qilish niyatida.

Amerika tarixida hali buncha katta miqdorda qurol sotilmagan. Oq Uy bu borada Kongress bilan uzoq maslahatlashgan.

Kelishuvga ko’ra, kelasi 15-20 yil davomida Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistonini 84 dona F-15 rusumli qiruvchi samolyot bilan ta’minlaydi. Hozir ishlatilayotgan harbiy vositalarni yangilab, qirollik qo’lidagi boshqa qurol-aslahalarni ham ta’mirlab beradi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoniga 178 harbiy vertolyot hamda radar, raketa, bomba va boshqa strategic vositalar sotiladi.

AQSh Davlat kotibining harbiy masalalar bo’yicha muovini Endryu Shapiro deydiki, bu bitim ikki davlat kuchli orasidagi aloqalar mustahkam ekanidan dalolat.

Bu bitim harbiy qudratini charxlayotgan Eronga nisbatan himoya rolini o’taydi. Qo’shni Yamanda kuchga to’layotgan terrorchi guruhlar ham Saudiya Arabistoniga xavf solib keladi. Harbiy arsenal bu tahdidga qarshi kurash uchun zarur.

Mudofaa vaziri o’rinbosari Aleksandr Vershbo nazarida Saudiya Arabistoni obdon qurollansa, AQSh uchun regionga qo’shin jo’natishiga hojat qolmaydi. Fors ko’rfazidagi ittifoqchi davlatlarga madad berish kerak, deydi Vershbo.

Rasmiyning aytishicha, AQSh bitim yuzasidan Isroil bilan maslahat qilgan va yahudiy davlatining e’tirozi yo’q. Isroil omborida F-15 rusumli qiruvchi samolyotlar talaygina va tez orada F-35 rusumli samolyotlar xarid qilish niyatida.

Kongress istasa, bitimga to’siq qo’yishi mumkin. Biroq Oq Uy nazarida qonunchilar bu hamkorlikning regional va xalqaro xavfsizlik uchun qanchalik zarur ekanini biladi.

Oxirgi marta Saudiya Arabistoni 1992 yilda AQShdan 9 milliard dollarlik qurol sotib olgan.