Saudiyalik jurnalistning o'limida Erdog'an qirollikni aybladi

  • Amerika Ovozi

23-oktabr kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining taqdiri bo'yicha parlamentga ma'lumot berdi.

Erdog‘anning so‘zlariga ko‘ra, Qoshiqchining o‘ldirilishi avvaldan puxta rejalangan. Jurnalist Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsullik idorasida vahshiylarcha qatl etilgan, deydi Erdog’an.

U qirollikdan qilmishi uchun xalqaro hamjamiyat oldida javob berishni talab qilmoqda.

Qotilllikni yopish vijdonsizlikdir, bu katta jinoyat va uning ortida faqat bir necha odam turgani yo’q, deydi Turkiya rahbari.

Turkiya rasmiylariga ko'ra, 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsullik xizmati binosiga kirgan Qoshiqchi ichkarida qiynab o'ldirilgan. Anqara bu borada tekshiruvni yakunlab, shunday xulosa qilmoqda.

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jina Xaspel bugun Turkiyaga borib, Qoshiqchining ishini muhokama qilgan, isbot-dalilllar bilan tanishgan.

Prezident Donald Trampning aytishicha, Oq uy Turkiya va Saudiya Arabistonidan ishonchli ma'lumot olib, tahlil qilib, tegishli qaror beradi.

Biroq ba'zi kuzatuvchilar nazarida, aslida AQSh, Saudiya Arabistoni va Turkiya o'rtasida qizg'in diplomatik savdo ketmoqda.

Jamol Qoshiqchining o'limini rad etib kelgan Saudiya Arabistoni voqeadan 18 kun o'tgach muxbirning nobud bo'lganini tan oldi. Biroq rasmiy bayonotda aytilishicha, bu ishga qirol Salmon va uning o'g'li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning aloqasi yo'q, ular Qoshiqchini o'ldirishni buyurishmagan, jurnalist konsullikda yuzaga kelgan janjal paytida tasodifan o'lib qolgan.

Turkiya tergovchilari 22-oktabr kuni oshkor etgan videoda Jamol Qoshiqchiga o'xshash bir odamning konsullikdan chiqqani tasvirlanadi. Tergovchilar aslida bu odamning Qoshiqchi emasligini, qotillik sodir etilganidan so'ng jurnalist vakolatxonani tark etganini ko'rsatish uchun Qoshiqchining qiyofasiga kirgan agent nazorat kamerasi oldidan ataylab o'tganini aytadi.

Ba'zi tahlilchilarga ko'ra, Jamol Qoshiqchining Saudiya Arabistoni rahbariyati buyrug'iga ko'ra o'ldirilgani oydek ravshan va qirollikning qotillikdan 18 kun o'tib bergan mujmal izohini hech kim jiddiy qabul qilgani yo'q.

"O'ylashimcha, bu voqeadan Prezident Erdog'an foyda ko'radi. Ham Turkiyada, ham xalqaro sahnada ochko oladi", - deydi Anqaradagi Yaqin Sharq texnologik universiteti professori Husayn Bog'chi.

Uning aytishicha, Erdog'an qotillik bo'yicha ma'lumotlarni oshkor etishga ataylab shoshilmayapti. Prezident parlamentga tergov natijalarini 23-oktabr ma'lum qilishini aytgan va Erdog'an nima deyishi sahna ortidagi diplomatik muzokaralar natijasiga bog'liq bo'ladi.

Professor Bog'chi Erdog'an barcha dalillarni oshkor etib, Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni buzishgacha olib bormasligini aytadi. Unga ko'ra, qirollik Turkiya bilan kelishishga harakat qiladi.

"Saudiya Arabistoniga bu qimmatga tushishi aniq. Ammo Erdog'an undan nima so'rashini bilmayman. U vaziyatdan iqtisodiy va siyosiy foyda undirish uchun foydalanishi aniq. Balki davlatlar hali kelisha olgani yo'qdir, muloqot davom etayotgandir", - deydi Bog'chi.

AQSh va Turkiya o'rtasidagi diplomatik tortishuvlar hamda Amerikaning turk po'lati importiga qo'ygan qo'shimcha tariflari natijasida Turkiya lirasi keskin qadrsizlanib, iqtisodiyotiga putur yetdi.

Erdog'an Saudiya Arabistoniga ittifoqchi AQShdan ham ayrim masalalarda yon berishni so'rashi mumkin, chunki Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharqdagi eng yaqin ikki ittifoqchisidan biri bilan jurnalistning o'limi yuzasidan xafalashishni istamaydi.

Agar Jamol Qoshiqchining o'limiga Saudiya Arabistoni qiroli yoki valiahd shahzoda aralashgan bo'lsa, Prezident Tramp sanksiyalar qo'llashga majbur bo'lamiz, degan. AQSh Kongressidagi ba'zi qonunchilar ham shuni talab qilmoqda. Biroq u holda Tramp o'tgan yili qirollikka borgan paytida imzolangan bitimlardan voz kechishga majbur bo'ladi. Ana shunday hujjatlardan biri qurol savdosi bilan bog'liq bo'lib, Saudiya Arabistoni AQSh bilan bu sohada 110 milliard dollarlik savdo qilishga kelishgan edi.

Turkiyalik tahlilchi Atilla Yeshiladaning aytishicha, agar Erdog'an qirollik rahbariyatini Qoshiqchining o'limida to'g'ridan-to'g'ri ayblamasa, Saudiya Arabistoni unga qarzdor bo'lib qoladi.

"Riyod Turkiyaga balki kattaroq sarmoya kiritar, balki Suriya masalasida Turkiya siyosatiga xayrixohlik bildirar", - deya taxmin qiladi Yeshilada.

Saudiya Arabistoni hukumati AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo qirollik va Turkiyaga borib kelganidan so'ng Jamol Qoshiqchi konsullikda o'lganini tan oldi. Pompeo qirollik bilan munosabatlar buzilmasligi uchun uni shunday deyishga ko'ndirganmi yoki aslida nima bo'lganini aniqlash uchun bu ikki mamlakatga borganmi, ma'lum emas.

"Erdog'an bu masalani bosti-bosti qilsa, Tramp unga qanday minnatdorchilik bildirishini bilmaymiz. Balki AQShning Eronga qo'yilishi kutilayotgan sanksiyalaridan Turkiyani xoli qilar, axir Anqara Tehrondan anchagina gaz va neft sotib oladi", - deydi Turkiyaning "Xurriyat" onlayn xabarlar portali sharhlovchisi Jansu Jamlibel.

Vashingtoning Eronga qarshi moliyaviy va iqtisodiy sanksiyalari 4-noyabr kuni kuchga kiradi.