AQShda yangi saylangan Prezident Donald Tramp davlat kotibi kim bo'lishi haqida tugal qaror bergani yo'q. Kim bo'lsa ham, deydi kuzatuvchilar, uni mashaqqatli vazifalar kutmoqda. AQSh xorijiy davlatlar bilan aloqalarini qayta ko'rib chiqishi mumkin. Bu ish Davlat departamenti zimmasiga yuklatiladi.
Yaqin Sharqda zo'ravonlik va gumanitar inqiroz kuchayib, Xitoy va Rossiya manfaatlari AQShniki bilan to'qnashayotgan bir paytda navbatdagi davlat kotibi ko'plab global muammolar bilan shug'ullanishiga to'g'ri keladi.
"Davlat kotibi global mavqega ega bo'lib, dunyoning barcha nuqtalari va turli muammolari bilan ishlashi, Amerika qadriyatlarini himoya qilishi kerak. Bular yaxshi boshqaruv, korrupsiyaga qarshi kurash, inson huquqlarini himoyalash hamda Amerikaning dunyo yetakchisi sifatida faol bo'lishi muhim ekanini bilish kabi universal tamoyillardir", - deydi demokrat senator Ben Kardin.
Yetakchi diplomat o'z yurtidagi talablarni ham hisobga olishi kerak, deydi ekspertlar.
"Davlat kotibi doim prezident ko'rsatmasi bilan ishlaydi. Qonun va an'ana bo'yicha, u prezident vakili, mustaqil arbob emas", - deydi Jons Xopkins universiteti tadqiqotchisi Charlz Stivenson.
Tashqi siyosatda o'zgarishlar kutilyapti. Shimoliy Koreya solayotgan tahdidlarga yangicha yondashuv zarur, deydi ayrim mutaxassislar.
"Koreya bilan orqa kanallar orqali muloqot o'rnatib ko'rsa bo'lardi. Kayfiyat qanaqa, ular nima qilmoqchi, shu haqda muloqot boshlash uchun. Chunki siz dushman deb hisoblaydigan davlatlar bilan rasman aloqa bo'lmasa, xalqaro munosabatlarga oid muammolar bo'yicha ishlash juda qiyin", - deydi tahlilchi Garri Kazianis.
Prezident etib saylangan Donald Tramp Amerika manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yishini aytmoqda. Ayni paytda yangi davlat kotibi an'anaviy ittifoqchi davlatlarni xavotirlanishga asos yo'qligiga ishontira olishi kerak.