AQSh razvedka rahbari: Sekvestr davlat xavfsizligiga putur yetkazadi

  • Amerika Ovozi

Jeyms Klepper, AQSh razvedka idoralari direktori

Qo’shma Shtatlarda byudjet xarajatlari milliardlab dollarga kamayayotgani razvedka sohasiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Global tahdidlarni erta aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan dasturlar qisqaradi.

Rasmiylar bu borada Senat oldida hisobot berdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Sekvestr davlat xavfsizligiga putur yetkazadi/Shohruh Hamro


Sekvestr nomini olgan bu qisqarishlar 85 milliard dollarga teng. Federal hukumat yuritadigan deyarli barcha programmalar shu miqdorda kamayishi kerak.

Kongressda so’zlar ekan, Jeyms Klepper, AQSh razvedka idoralari direktori Shimoliy Koreya va Eronning yadro dasturlarini tilga oldi.

“Sizga ochig’ini aytaman. Sekvestr sabab razvedka faoliyatini cheklashga majburmiz. Bu bizning missiyamizga qanday ta’sir ko’rsatishi hisobga olinmayapti”, - deydi Klepper.

Yangi xodimlarni ishga olish, texnik va kontr-razvedka operatsiyalari kamayishi oqibatida ma’lumot to’plash ham ozayadi. Hujum xavfi esa oshadi, - deydi rasmiy.

“Bir misol – kiber-xavfsizlik. Kompyuter tizimlariga chet eldan, xususan, Xitoydan xurujlar ko’paygan bir mahalda bu sohaga mutaxassislarni jalb qilish, ogohlantirish tizimlarini yaratish eng dolzarb masala”.

2001-yilning 11-sentabrida ro’y bergan terror hujumlari, deya eslatadi Klepper, mamlakat razvedkasi o’shanda qanchalik zaif bo’lganini namoyish etgan. Xatolar takrorlanishi hech gapmas.

Razvedka rahbarining aytishicha, sekvestr haqidagi qonun nozik bir pallada kuchga kirdi.

“Razvedkada qariyb yarim asr ishlagan bo’lsam, dunyo hozirgiday notinch, tahdidlar shu qadar o’tkir va cheksiz bo’lganini eslashim qiyin. Vashington shunday paytda eng muhim loyihalar uchun mablag’ni kesayotgani taajjublanarli”, - deydi Jeyms Klepper.

U Kongressdan davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan ayrim qarorlarni qayta ko’rib chiqishni so’ramoqda. Qayerda qancha mablag’ kesishni o’zimiz hal qilaylik, deya qonunchilarga murojaat qildi.

Senatning ham respublikachi, ham demokrat a’zolari bu taklifni qo’llab-quvvatlaydi. Razvedka agentliklari o’z resurslarini qanday taqsimlashni o’zi hal qilsin, degan tashabbusga qarshilar yo’q.