Tramp devor qurish talabida qat'iy, hukumat yopiqligicha qolmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp AQSh-Meksika chegarasida devor qurish zaruriyatini ta'kidlashda davom etar ekan, bu loyiha uchun moliya ajratilmagani bois hukumat yopiqligicha qolmoqda. Devor xarajatlarini o'z ichiga olmagan byudjetga Tramp qo'l qo'yishdan bosh tortmoqda.

Har kungi tvitlarida prezident muxolifatni, demokratlarni u bilan chegara xavfsizligi masalasida kelishib olishga undayapti. Kelishib olsak, hukumat faoliyati tiklanadi, deydi Tramp.

Byudjet tasdiqlanmagani sababli 22-dekabrdan buyon AQShda ko'plab davlat idoralari, parklar, jamoat joylari, byudjet tashkilotlari yopiq. 400 mingga yaqin federal xizmatchilar qariyb 10 kundan beri ishga chiqmagan.

Prezident Tramp devor uchun kamida 5 milliard dollar so'ramoqda, ammo bu talabni qondirish uchun Kongressda ovozlar yetarli emas. Yanvardan Kongressning quyi palatasini qo'lga olayotgan demokratlar chegara xavfsizligi uchun ko'proq pul ajratishga rozi, ammo devor qurishni pulni ko'kka sovurish deb hisoblaydi.

Tramp 2016-yilda Oq uyga saylanayotganda chegarada devor barpo etib, noqonuniy immigratsiya oqimini to'xtatishga, devor xarajatlarini Meksikadan undirishga va'da bergan edi. Meksika qat'iyan rad javobini bergan.

So'nggi tvitlarida AQSh rahbari AQSh-Meksika chegarasini butunlay yopaman, Gonduras, Gvatemala va Salvadorga yordamni kesaman, deb dag'dag'a qilgan. Immigrantlarning aksariyati Amerikaga shu mamlakatlardan keladi.

AQSh-Meksika chegarasi yopilsa, ikki mamlakat o'rtasida kuniga 1,6 milliard dollarga teng savdo to'xtab qoladi. Immigratsiya faollari nazarida bunday taklif olg'a surilayotgani "sharmandalik".

Devor uchun 5 milliard dollardan kamroq mablag'ga rozi bo'lasizmi, degan savollarga prezident javob bermadi. Hukumat qachongacha yopiq qoladi, degan savolga esa Tramp biror sanani tilga olmadi.

Muxolifatchi demokratlar deydiki, yurt alg'ov-dalg'ov ekanida aynan Tramp sababchi. Prezident devor masalasida yon bermasligini, byudjetga qo'l qo'ymasligini avvaldan ta'kidlagan edi. Hozirda Trampning partiyasi Kongressning har ikki palatasida hukmron. 3-yanvardan Vakillar Palatasida demokratlar ko'pchilik o'rinlarni egallaydi va prezidentning ishi yanada qiyinlashishi kutilmoqda.