Qo’shma Shtatlar 11-mart kuni Qandahor viloyatida amerikalik askar Robert Beyls o’ldirgan odamlarning yaqinlariga tovon to’ladi.
Halok bo’lgan har bir shaxs uchun 50 ming dollar, yaralanganlar uchun esa 11 ming dollar.
Qandahor viloyat kengashi a’zosi Hoji Og’a La’li Dastagiriy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shuni aytadiki, oilalar tovon olish uchun hokim huzuriga kelganida, axborot vositalari buni yoritmasin deb so’ragan. Oilalar Tolibon ularga, Amerikadan pul olgani uchun, hujum qilishi mumkin deya xavotirda.
Shu bois, deydi oqsoqol, tovon to’langani haqida sal kechroq ma’lumot berildi.
Bu fojia ortida turgan askar Robert Beylsga 17-modda bo’yicha ayblov qo’yilgan. Tergovchilar deydiki, serjant Beyls o’sha mash’um kechada ikki qishloq aholisiga hujum qilgan, orada bazaga kelib ketgan. Ikkinchi hujumdan qaytayotganida qo’lga tushgan.
Advokatlarning aytishicha, ayblanuvchi ruhan kasal va nima jinoyat sodir etganini hozir eslolmayapti. Aybdor deb topilsa, o’lim jazosiga mahkum etilishi mumkin. Amerikada o’tgan yarim asr ichida biror harbiy qatl etilmagan.