AQSh Janubiy Xitoy dengizida Xitoyga qarshi chiqishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Janubiy Xitoy dengiziga harbiy kuch yuboradimi?

AQSh rasmiylariga ko’ra, Pentagon Janubiy Xitoy dengiziga harbiy kema va samolyotlar yuborishi mumkin. Maqsad – Xitoyning dengizdagi talash hududlarda sun’iy orollar qurayotganiga chek qo’yishdir.

So’nggi uch yilda Xitoy bir necha davlat orasida talash rif orollarida qurilish ishlarini jadal sur’atlar bilan olib bormoqda.

“Bunday harakatni to’xtatishimiz kerak”, - deydi AQSh rasmiysi Daniel Rassel.

Senatda chiqish qilgan Davlat kotibi muovini Daniel Rassel Xitoyni qurilish ishlarini to’xtatishga chaqirdi. AQSh rasmiylariga ko’ra, orollarda qurilish olib borish xalqaro suvlar ustidan nazorat o’rnatishga bo’lgan intilishdir.

“Bunday hududlardan bemalol o’tish huquqiga hamma ega bo’lishi kerak, deb hisoblaymiz. Bu qoidaga Janubiy Xitoy dengizida hamda butun dunyo bo’ylab rioya qilinishi kerak. Bu huquq nafaqat suv, balki havoga ham taalluqli,” – dedi Mudofaa vaziri muovini Deyvid Shir.

“Google Earth” orqali olingan suratlarda to’rtta rifda, xususan, Itu Aba nomli orolda qurilish ketayotganini ko’rish mumkin.

Mudofaa vaziri muovini Shir va Davlat kotibi muovini Rassel qonunchilarga murojaat qilar ekan, AQSh Janubiy Xitoy dengiziga samolyotlar va harbiy kemalar yuborish orqali mintaqada usruvorligini saqlab qolishi zarur, deb fikr bildirdi.

“Mintaqa bo’ylab diplomatiyamizni himoyalash, milliy xavfsizligimizni ta’minlash uchun hech qanday choradan qochmasligimiz kerak”, - deydi Shir.

AQSh va boshqalar suvlarning xalqaro maqomini saqlab qolishdan manfaatdor.​ Chunki Janubiy Xitoy dengizi kemalarning eng katta tranzit yo’llaridan biri.

“Strategiyamiz va harakatlarimiz qoyalarni emas, qoidalarni himoya qilishdan iborat,” – deydi Davlat departamenti rasmiysi Rassel.

Mudofaa vazirligi rasmiysi Deyvid Shir esa AQShning Xitoyni qurilish ishlarini to’xtatishga undash uchun vaqti bor, degan fikrda. Dengizdagi aerodrom 2017 yoki 2018-yilda qurib bitkazilishi kutilmoqda.

Biroq ayrim qonunchilar AQSh allaqqachon kech qoldi, deya xavotirda.