Amerika admirali: Xitoyning asabiga tegmoqchi emasmiz

  • Amerika Ovozi

Janubiy Xitoy dengizida Pekin bunyod etayotgan sun'iy orollar.

Qo'shma Shtatlar Xitoy yaqinidagi sun'iy orollar tomon jangovar kemalarni yuborish haqida o'ylanayapti. Biroq Pekin buni g'alamislik deya talqin qilmasin, deydi Amerika admirali Jon Richardson.

U Qo'shma Shtatlarning harbiy dengiz amaliyotlari uchun mas'ul. Admiralning aytishicha, AQSh xalqaro qonunlarga rioya qilgan holda harakat qilmoqda.

"Buning qayeri provokatsiya? Xalqaro suvlarda harakat qilamiz", - dedi Richardson Tokioda jurnalistlar bilan muloqotda.

Hisoblarga ko'ra, Amerika jangovar kemalari bir necha hafta ichida Pekin bunyod etayotgan sun'iy orollarga yetib borishi mumkin.

Xitoy hududda mayda orollar barpo etib, ularda harbiy aslahalarni joylayapti. Bu bilan Pekin regiondagi boshqa davlatlar ham da'vogar suvlarni o'ziniki qilib olishga urinmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Pentagon rahbari Eshton Karter Xitoyni har qanday qurilish ishlarini bas qilishga undab keladi. Amerika, deydi u, xalqaro hisoblangan bu suvlarda bemalol suzadi va uchadi, deydi u.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa o'z havo va dengiz sarhadlari buzilishiga aslo yo'l qo'ymasligini aytmoqda.

Xitoy dengiz va harbiy havo kuchlari Amerika harbiylarining provokatsiyasini diqqat bilan kuzatishi, kerak bo'lsa qarshi javob qaytarishi kerak, deya yozadi kommunistik davlat matbuoti.

Filippin, Vyetnam, Tayvan, Malayziya va Bruney tabiiy zaxiralarga boy, baliqchilik va qatnov uchun nihoyatda qulay Janubiy Xitoy dengiziga birday da'vogar.

Amerika bu tortishuvda biror tomonning yonini olmoqchi emas. Lekin Xitoyning qo'shnilar bilan bahslashayotib qilayotgan agressiv muomalasini tanqid qiladi va ittifoqchi kichik davlatlar bilan harbiy aloqalarni mustahkamlayapti.