Suriyada fuqarolik urushi, janglar poytaxtgacha yetib bordi

  • Amerika Ovozi

Damashqning al-Tadamun tumanida Suriya muxolifati bayrog'i, 15-iyul, 2012-yil.

Suriya hukumati poytaxt ko’chalariga og’ir harbiy texnikani safarbar etib, muxolifat bilan ayovsiz o’q almashmoqda.

Damashq ahli bu olishuvlarni o’tgan yildan beri eng qo’rqinchlisi, deb ta’riflaydi. Shahar markazi va bir necha tumanda otishmalarni eshitish mumkin, deydi ular.

BMT tinchlik elchisi Kofi Annan ayni damda Moskvada prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara qilmoqda. Putin G’arbning Suriya rahbari Bashar al-Assadga bosimni oshirish tashabbuslariga yo’l bermay keladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, G’arb Moskvani shantaj qilib, Suriyaga qarshi BMT rezolyutsiyasini tasdiqlatib olmoqchi. BMT kuzatuvchilar missiyasi safini kengaytirish taklifi va sanksiyani bir hujjatga kiritish – noto’g’ri yondashuv, deydi Lavrov.

U Rossiya Assadni himoya qilayotgani haqidagi fikrlarni ham rad etadi.

“Suriya mojarosining kaliti Moskvaning qo’lida qabilidagi gaplarni avval ham eshitganmiz. Lekin nimani nazarda tutayapmiz, deb so’rasak, Assadni o’z ixtiyori bilan ishdan ketishga ko’ndiring, deyishadi. Biroq bu mutlaqo mantiqsiz”, - deydi Lavrov.

Suriyaliklar Himsda o'ldirilganlarni dafn etmoqda, 14-iyul, 2012-yil.


“Gap uni yoqtirish-yoqtirmaslikda emas”, - deydi u. “U hech qayoqqa ketmaydi. Chunki aholining haqiqatan yirik qismi Assadni qo’llab-quvvatlab turibdi”.

BMT xavotirlari

Suriyalik ona va bola Tremsa qishlog'ida vayron bo'lgan uyi yonida, 14-iyul, 2012-yil.


Birlashgan Millatlar tashkilotining ogohlantirishicha, donorlar insonparvarlik yordami ajratmasa, suriyaliklar orasida talofatlar oshib boraveradi.

“Ko’proq pulga muhtojmiz”, - dedi BMT mutasaddisi, Gumanitar masalalar bo’yicha mas’ul Jon Ging. Uning aytishicha, Suriya hukumati BMT bilan olti hafta oldin imzolangan va xalqaro yordamni yetkazish haqidagi bitimga amal qilib keladi.

O’tgan oy 500 ming odamga yegulik olib borilgan. Joriy oy 850 ming kishini oziq-ovqat bilan ta’minlash niyatidamiz, deydi Ging. Lekin talab va moliya o’rtasida farq tobora kengayib bormoqda, deydi u.
“Gap Rossiya uni yoqtirish-yoqtirmasligida emas. Assad hech qayoqqa ketmaydi. Chunki aholining, haqiqatan, yirik qismi uni qo’llab-quvvatlab turibdi”.
Sergey Lavrov, Rossiya Tashqi ishlar vaziri

Lekin Suriya hukumati o’ziga nisbatan qarshi deb bilgan davlatlar fuqarolariga viza bermayotgani bois insonparvarlik ishlari ziyon ko’rmoqda.

Rasmiy Damashq, xususan, BMTning Amerika, Kanada, Britaniya va fransiyalik xodimlariga viza berishdan bosh tortgan.

Fuqarolik urushi

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasining bildiriahicha, Suriya fuqarolik urushi domida. Mamlakatning yirik qismlarida qurolli to’qnashuvlar ketmoqda va tobora tarqalmoqda.

Ozod Suriya armiyasi jangchilari, al-Mualimin tumani, Hims viloyati, 14-iyul, 2012-yil.


Avvalroq guruh faqat Hims, Hamo va Idlib kabi viloyatlarda armiya hamda oppozitsiya olishayotganini ta’kidlab kelayotgan edi. Lekin qo’mita matbuot kotibi Hisham Hassanning aytishicha, janglar boshqa viloyatlarni ham qamrab ulgurgan.

Uning o’tgan oy “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, fuqarolik urushi ta’rifi mojaroning ko’lami va shiddati, isyonchi kuchlarning salohiyatiga qarab beriladi. Muhimi, deydi u, tinch aholi bundan jabr ko’rmasligi kerak.

Assad o’tgan qilgan chiqishida Suriyada haqiqiy urush ketayapti, degan edi.