AQSh holdan toygan isyonchilarga yordam beradi

  • Amerika Ovozi
Suriya hukumati muxolifatga qarshi kimyoviy qurol ishlatgani tobora ayonlashar ekan, Qo’shma Shtatlar Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan kuchlarni qurollantirishga qaror qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Suriyadagi isyonchilarga qurol beradi/Shohruh Hamro


Assad ma’muriyati bu gaplarni yolg’on deb qoralayapti. Uning eng yaqin ittifoqchisi Rossiya ham AQSh taqdim etgan razvedka ma’lumotlariga ishonmaydi.

Bir necha hafta davom etgan shiddatli janglar ketidan Suriya armiyasi strategik hisoblangan Qusayr shahrini qo’lga oldi. Isyonchilar qurol-yarog’ va jasadlarni tashlab, shaharni tark etishga majbur bo’ldi.

Hukumat Qusayrda nazorat o’rnatgani prezident Assad uchun salmoqli g’alaba, G’arb qo’llayotgan muxolifat uchun esa jiddiy mag’lubiyatdir.

“Suriya urushi burilish nuqtasiga yetdi. Ham harbiy jihatdan, ham psixologik jihatdan”, - deya mulohaza yuritadi Charls Dann, “Ozodlik uyi” (Freedom House) huquq tashkiloti eksperti.

Isyonchilar bugun nafaqat Suriya armiyasi bilan, balki Livandan kirib kelgan minglab Hizbulloh jangchilariga qarshi kurashmoqda. Tahlilchilar nazarida aynan Hizbulloh guruhining Assadga yordami so’nggi payt hal qiluvchi rol o’ynamoqda.

“Hizbullohning odamlari butun Yaqin Sharqda eng tajribali va urushda pishgan deb tan olinadi. Ularning madadi Suriya hukumatiga nihoyatda kuchli dalda bo’ldi”, - deydi Charls Dann.

Isyonchilar Assad armiyasi ularga qarshi og’ir artilleriya va havo kuchlarini qo’llayotganini aytib, o’zini himoya qilish uchun qurol so’rab, G’arbga qayta-qayta murojaat qilgan. Suriya hukumati urushda kimyoviy qurol qo’llaganini da’vo qilayotgan Qo’shma Shtatlar bu talabni qondirishga shay. Ammo amerikalik askarlar Suriyaga kiritilmaydi.

“Eron va Hizbulloh bu urushni boy bermaslik qarorida qat’iy. Obama ma’muriyatida hozircha bunday qat’iyatni ko’rmayapmiz”, - deydi Atlantika Kengashi nomli tahlil markazidan Frederik Xof.

Harbiy rejalarni tuzish bilan bir qatorda, AQSh bir necha haftadan beri xalqaro tinchlik konferensiyasini tashkillashtirish harakatida.

“Suriyada vaziyat murakkab ekanini tushunamiz”, deydi Davlat kotibi Jon Kerri. “Ammo oxir-oqibat yechim baribiy siyosatga borib taqaladi”.

Ayrimlar G’arb davlatlarini Suriyada harbiy parvozlarni taqiqlashga ham chaqiryapti.

“Amerika va Yevropa qat’iyatini ko’rsatmoqchi bo’lsa, bunday imkoniyat bor. Parvozlarni taqiqlashni gumanitar operatsiya deb atash mumkin”, - deydi siyosatshunos Jon Alterman.

Suriyada isyon boshlanganidan buyon G’arbda deyarli barcha sharhlovchilardan Assad hokimiyati mana bugun qulaydi, ertaga yo’q bo’ladi, degan bashoratlarni eshitib kelayotgan edik. Oradan qariyb ikki-yarim yil o’tdi, bugun bu haqda ishonch bilan gapirish qiyin.

“Ozodlik uyi” xodimi Chark Dann deydiki, Assad oxirigacha turib, vayronaga aylangan Suriyani boshqarishda davom etsa ajabmas.

Qusayrni qo’lga kiritgach, Suriya armiyasi ayni damda Hims va Halab shaharlariga yurish rejalayotgani aytiladi. Kelasi hafta Katta Sakkizlik davlatlarining Irlandiyadagi majlisida bu bosh mavzu.