AQSh Suriyaning kimyoviy qurollarini yo'q qilish uchun kema jo'natmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Suriyaning kimyoviy qurollarini yo’q qilish uchun Yaqin Sharqqa maxsus kema jo’natmoqda. “Amerika ovozi” muxbiri Luis Ramirez ushbu kemada bo’lib, kimyoviy moddalarni yo’q qilish jarayoni qanday amalga oshirilishi bilan qiziqdi.

AQShning “Keyp Rey” yuk kemasi tez kunlarda Suriyaga jo’nab ketadi. Hozirda uni safarga tayyorlash ishlari davom etmoqda.

Pentagon rasmiysi Frenk Kendal Suriyaning bir necha yuz ming tonna kimyoviy quroli kemaga joylangach, ularni yo’q qilish tartibi qanday amalga oshirilishi haqida ma’lumot berdi.

“Biz kimyoviy qurol bo’lgan yoki shu maqsadda ishlatiladigan materiallarni yaroqsiz holga keltiramiz, ya’ni ulardan kimyoviy qurol sifatida ortiq foydalanib bo’lmaydi”, - dedi Pentagon vakili.

Jarayon kemaning yuk bo’limida, maxsus chodir ichida amalga oshiriladi.

Mas’ul shaxslarning aytishicha, jarayon xavfsiz bo’lib, dengizga zaharli moddalarning chiqib ketishiga yo’l qo’yilmaydi.

Texnologiya yangi emas. Undan ilgari AQSh kimyoviy qurollarini yo’q qilishda ham foydalanilgan.

Ammo dengizda ilk bor qo’llanilmoqda.

Qurol nazorati uyushmasi tadqiqot guruhi rahbari Deril Kimbalning aytishicha, eng yaxshi chora shu.

“Texnologiya sinovdan yaxshi o’tgan. Unda ehtimoliy portlashlar, yonib ketish kabi xavflar yo’q. Ya’ni ancha xavfsiz jarayon”, - deydi u.

Kema ustida tajribalar allaqachon boshlangan va u hozir Yaqin Shaqqa jo’nab ketish uchun buyruq berilishini kutmoqda.

45 kun ichida 700 tonna kimyoviy modda yo’q qilinishi rejalangan.

Ish oson emas, belgilangan muddat ichida yakunlay olmaslik ehtimoli bor. Shuning uchun kechikishlar hisobga olinib, kemaga qo’shimcha ta’minot zahiralari ham yuklangan.