Amerika-Tojikiston yadroviy ashyolar yoyilishiga qarshi kurashadi

  • Amerika Ovozi

Dushanbe

Bugun Tojikiston poytaxti Dushanbeda so'zlar ekan, AQSh Davlat kotibining Yadroviy masalalar bo'yicha muovini Simon Limaj Tojikiston Xalqaro ilm-fan va texnologiya markazi faoliyatida muhim rol o'ynamoqda, dedi.

Markaz 1992-yilda tashkil topgan.

Asosiy vazifasi sobiq ittifoq hududida yadroviy izlanishlar va tadqiqotlar tinch maqsadlarni ko'zlashini va xavfli moddalar tarqalmasligini ta'minlash va bu soha egalarini quvvatlash.

Uni Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Rossiya va Amerika hamkorlikda ochgan.

Bugunga kelib, markazga Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Norvegiya, Janubiy Koreya, Kanada va Tojikiston a'zo. So'nggi paytda Kanada va Rossiya undan chiqishga ahd qilgan.

Amerika nazarida bu markaz faoliyatiga uncha ta'sir qilmaydi. Boshqarma Moskvadan Almatiga ko'chishi kutilmoqda.

Yadroviy, kimyoviy, biologik va boshqa turdagi xavfli materiallar va qurollar yoyilmasligini ta'minlash bugun eng og'ir va muhim majburiyat, deydi Simon Limaj. Davlatlar birga ishlamasa bo'lmaydi, deydi u.

Obama ma'muriyati masalaga alohida diqqat qaratib, soha egalari uchun mablag' ajratish, dasturlarga homiylik qilishga bel bog'lagan.

Qurol va ashyolar tarqalmasligini ta'minlash chegara nazoratini yaxshilashni talab qiladi.

Amerika yordami bilan Tojikistonda ancha yutuqqa erishildi, deydi diplomat. Yaqin orada respublikada bu borada mutaxassislar tayyorlovchi muassasa ish boshlaydi.

BMT qoshidagi Atom energiyasi bo'yicha xalqaro agentlik bilan hamkorlikda maxsus laboratoriya ochilib, u Tojikistonning xavfli moddalarni musodara qilish salohiyatini oshiradi, deydi Limaj.

AQSh treningidan o'tgan chegarachilar mehnati salmoqli ekani fakt, deydi diplomat.

Shu tariqa Vashington Dushanbega bu borada ham ilmiy, ham amaliy yordam berishda davom etishini ko'rsatmoqda.