Tolibon guruhi AQSh bilan imzolangan bitim to’liq amalga oshirilmayotganidan norozi. Harakat so’zlovchisi Zabihulla Mujohid hukumat qamoqxonalaridagi mahbuslar salomatligi borasida xavotir bildirgan.
“Agar mahbuslarimiz korornavirusga chalinib halok bo’lsa, har bir kishi uchun qasos olamiz”, - deya ogohlantiradi Mujohid.
U ayni damda bu ishning mas’uliyati AQSh hukumati zimmasida ekanini ta’kidlaydi.
Afg’oniston hukumati shu kunga qadar yuzlab Tolibon mahbuslarini ozodlikka chiqardi. Lekin bu jarayon hozirgi kunda to’xtatilgan.
Tolibon guruhining Qatardagi siyosiy idorasi so’zlovchisi Suhayl Shohin hozirgacha 52 ta hukumat asirlari qo’yib yuborilganini bildiradi.
Tolibon guruhining ta’kidlashicha, harakat a’zolari ozod etilgan taqdirda sulh muzokaralarida ham ko’zga ko’rinarli darajada siljishlar bo’lardi.
Kuzatuvchilar nazarida toliblar tinchlikni bahona qilib, hokimiyatni egallashga urinmoqda.
Deputat Sayid Azizulla Ulfatiy Tolibon asirlarining ozod etilishi tinchlik muzokaralariga hech qanday foyda keltirmaydi, deya ta’kidlaydi.
“Toliblarning ozod etilishi sulh jarayoniga ta’sir qiladigan omil emas. Tolibon tajribali a’zolaridan urush jabhalarida qayta foydalanmoqchi”,- deydi Ulfatiy.
Uning nazarida Afg’oniston sulhi mintaqa va dunyodagi vaziyat bilan bog’liq.
“Afg’oniston sulhi ichki masala emas. Afg’oniston sulhi kaliti Pokiston qo’lida, dunyo miqyosida esa Amerika qo’lida”,- deydi deputat.
“Milliy Junbish” partiyasi raisining o’rinbosari Abdulla Qarluq ozodlikka chiqqan Tolibon mahbuslari urush maydonlariga qaytmasligi uchun yetarli darajada kafolat berishi kerak.
“Besh ming nafar Tolibon mahbuslari qo’yib yuborilishi adolatli emas. Ikkala tomondan ham baravar odamlar ozod qilishi kerak. Tolibondan besh ming va hukumatdan bir ming kishi emas”,- deydi Abdulla Qarluq.
“Milliy Junbish” partiyasining ushbu rasmiysi Tolibon mahbuslarini emas, yetakchi jangchilarini saralash bilan harbiy safini kuchaytirishga urinayotganini iddao qiladi.