Obama, Guantanamo va terrorga qarshi bugungi siyosat

  • Amerika Ovozi

Obama, Guantanamo va terrorga qarshi bugungi siyosat

2001 yildan keyingi davr, terrorizmga qarshi kurash avjiga chiqqan bir paytda, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi xorijda maxfiy qamoqxonalarni yuritgani, mahbuslar u yerda qiynoqqa solingani katta janjalga sabab bo’lgan edi.

Barak Obama prezidentlikka saylanishi bilan qiynoqlarni taqiqladi, yashirin turmalar yopildi.

Bugun bu yo’nalishdagi siyosat qanday?

Barak Obamaning ilk va’dalaridan biri - Kubadagi Guantanamo qamog’ini yopish edi. Amerika qonunlari o’tmaydigan bu maskan hali ham ochiq, chunki yuzlab mahbuslar taqdiri hal etilmagan.

Obama, Guantanamo va terrorga qarshi bugungi siyosat

Terrorizm gumoni bilan ushlangan shaxslar bugun qayerga yuborilmoqda?

Yaqinda ro’y bergan hodisa masalaga bir oz oydinlik kiritishi mumkin.

Somalilik Ahmed Abdulqodir Varsam shu yilning aprel oyida ushlanib, AQSh kemasi bortida ikki oy so’roq qilingan.

“Undan Somali va Yamandagi jangari guruhlar haqida muhim ma’lumotlar oldik”, - deydi rasmiylar.

Abdulqodir Varsamni shu hafta Nyu-Yorkka olib kelishdi, fuqaro sudi uning ishini ko’rib chiqadi.

“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkiloti nazarida bu to’g’ri qaror.

Guantanamo

“Bu shaxsni Nyu-Yorkka olib kelib, Obama ma’muriyati bu sohada haqiqiy o’zgarish qilganini isbotladi. Federal sud terrorizmga doir ishlarni uddalay oladi”, - deydi “Human Rights Watch” vakili Andrea Praso.

Kongressda hukmron respublikachilar ta’biricha esa yuqorida tilga olingan somalilik mahbus, va umuman, terror gumoni bilan xorijda ushlangan shaxslar to’g’ri Guantanamoga yuborilishi va o’sha yerda harbiy tribunalga tortilishi kerak.

Bu turmada saqlanayotgan mahbuslar Amerika zaminiga hech qachon qadam qo’ymasin, deb shart qo’ygan ular.

“Qonunchilar g’azabda, chunki Abdulqodir Varsam Nyu-Yorkka olib kelinganidan keyin, ular xabardor qilindi”, - deydi konservativ sharhlovchi Kalli Stimson.

“Ko’pchilik nazarida Obama ma’muriyati Kongress talabini aylanib o’tish uchun ham ana shunday pinhona yo’l tutgan”, - deydi Stimson.

Amerikada biror jinoyatda ayblangan shaxs so’roq qilinishidan oldin unga haq-huquqlari o’qib eshittirilishi, advokat olishingiz mumkin, deya eslatilishi shart degan qonun bor. Terrorda gumon qilingan ajnabiy fuqarolar ishi agar Amerika fuqaro sudlarida ko’rilsa, ular ham bu huquqdan foydalanishga haqli deb ko’riladi.

Respublikachi qonunchilarning e’tiroziga sabab ham shu.

Huquqshunos olima Meyson Klatter deydiki, qonundan istisno hollar bor albatta.

“Masalan, razvedka ma’lumotlari to’plash uchun shaxsni kemada so’roq qilish mumkin. Yoki AQSh Federal Qidiruv Byurosi huquqlaringizni qayd etmasdan sizni so’roq qilish vakolatiga ega”.

Agar Amerika harbiylari sizni qo’lga olsayu, lekin al-Qoida terror tizimiga aloqangiz yo’qligi aniqlansa, bunday shaxsni qancha vaqt qamoqda ushlab turish mumkin? Bu ham huquqshunoslar orasida bahsli mavzu.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, Nyu-Yorkka olib kelingan Somali fuqarosi Ahmed Abdulqodir Varsam al-Shabab jangari guruhi safida jang qilgan. Al-Qoidaning bu guruh bilan hamkorlik qilishi esa sir emas.