Yosh olimlar: Aniq fanlarga qiziqmasangiz, hayotni tushunmaysiz

  • Amerika Ovozi

"Ko’pchilik aniq fanlarni zerikarli deb biladi. Aksincha eng qiziq fanlar o’zi shular. Qunt qilib bir qarang”,- deydi Jek Li, genetik kasalliklarga davo izlayotgan o'quvchi.

Amerikada yuqori sinf o’quvchilari uchun oliy bir mukofot Intel Science Talent Search ta'sis etilgan. 100 ming dollarlik sovrin uchun har yili minglab yoshlar bellashadi. Finalga chiqqan 40 o’quvchi Vashingtonda kuch sinashadi. Kuch deganda bilim va aql nazarda tutilmoqda, albatta.

Bu yilgi musobaqa g’olibi Nitin Tumma (Nithin Tumma), hind muhojirlar farzandi, Michigan shtatidan.

Rak-saraton kasaliga shifo izlayotgan Nitin Tumma 100 ming dollarlik mukofotga loyiq topildi

“Juda oliy unvon bu. O’qishni va izlanishlarimni davom ettirish uchun ilhom beradi. Aniq fanlar jonu dilim. G’ayratimni oshirdi bu konkurs”.

Nitin rak-saraton kasaliga olib boradigan sabablar va uning alomatlarini o’rganib, yangicha muolaja usullarini yaratgan.

Bir haftalik musobaqada u yetuk olimlar oldida bu tadqiqot ishini tushuntirib, isbotlab berdi. Xuddi akademik unvon uchun ilmiy ish yoqlagandek.

Jek Li (Jack Lee) Kaliforniya shtatidan. U ham kimyo va biologiya shaydosi. Shu darajada qiziqadiki, insonni aqliy qobiliyatdan ayiradigan holatlarga shifo izlamoqda. O’ziga ishonchi baland, bilim saviyasi ham shunga yarasha.

Yuqori sinf o'quvchisi Jek Li genetik kasalliklar, jumladan insonni aqldan qoldiradigan holatlarga davo izlamoqda

“Tadqiqotim natijalari o’zimni ham lol qoldirdi. Kapsuladagi ferment oshqozondan va ingichka ichakdan o’tib ketdi. Kapsula solinmagani esa hech narsa qilgani yo’q”.

Finalga chiqqan yana bir o’quvchi Marian Bektel (Marian Bechtel) Pensilvaniya shtatidan. Yer minalarini tezda aniqlay oladigan sistema ixtiro qilgan. Mojaroli nuqtalarda bunday vositalarga ehtiyoj katta.

“Dunyoda har 22 minutda bir kishi bu minalardan yo o’ladi yo majruh bo’ladi. Amaldagi vositalar uncha kuchli emas. Shuning uchun men ishlatishga oson va arzon asbob yasash ustida bosh qotirdim. Oddiy bo’lsin, istagan odam qo’llay olsin. Hamma xarid qila olsin. Men seysmo-akustika sohasini o’rgandim. Ovoz to’lqinlari va yer vibratsiyasiga asoslanib bu mexanizmni ishlab chiqdim”.

Hali maktabda o'qiyotgan Marian Bektel yer minalarini aniqlovchi yangi vosita yaratgan

Marian taklif qilayotgan asbob yer qa’ridagi ovozlarni analiz qilib, tosh yoki tuproq ostidagi minalarni bir zumda aniqlab beradi. Fizikada gap ko’p, deydi u.

“Arzigulik asbob deb maqtashayapti”,- deydi o'quvchi.

Bu yoshlarga qarab havas qilmay iloj yo’q. Ular ilm-fan shaydolari, bag’oyat tirishqoq.

“Aniq fanlarning jinnisiman. Qiziqmay bo’ladimi? Ularsiz hayotni tasavvur qilolmaysiz”,- deydi Marian.

“Menimcha, ko’pchilik aniq fanni zerikarli deb biladi. Aksincha eng qiziq fanlar o’zi shular. Qunt qilib bir qarang”,- deydi Jek.

Qunt va tirishqoqlik, shubhasiz, bu yoshlarni olamshumul ixtirolar tomon yetaklagan omillar. Ilm-fanga qiziqmasangiz atrofdagi o’zgarishlar, muammo va yutuqlarni ham tushunmaysiz, deydi bu yoshlar.