AQSh Prezidenti Donald Tramp import qilingan po'lat va alyuminiyga qo'shimcha boj joriy qilish ajdida qat'iy ekanini aytdi. Xalqaro hamjamiyat, xususan, respublikachilar orasida bu rejadan norozilar ko'p.
AQSh, Meksika va Kanadaning savdo vakillari birga rasmga tushganda jilmayishni uddaladi, ammo Shimoliy Amerika erkin savdo bitimi bo'yicha kelisha olmadi.
AQSh Prezidenti Donald Trampning import qilingan po'latga 25 foiz, alyuminiyga 10 foiz tarif belgilashga qaror qilgani muzokaralarning beliga tepdi.
Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan o'tgan uchrashuvda Tramp Kanada va Meksikaga yengillik berilishi mumkinligini aytdi; faqat bir shart bajarilsa.
"Agar kelisha olmasak, NAFTAni bekor qilaman. Agar ishchilarga va Amerika xalqiga adolatli bo'lgan bitimga erisha olsak, Kanada va Meksika po'latiga qo'yilgan tarifni qayta ko'rib chiqishimiz mumkin", - dedi Tramp.
Muzokaralar samara bermagach, Kanada Tashqi ishlar vaziri Kristia Frilend AQShga qarshi munosib javob berilishini aytdi.
"Kanadaning po'lat va alyuminiy mahsulotlariga boj solinsa, Kanada o'z ishchilari va savdo manfaatlarini himoya qilish uchun tegishli choralarni ko'radi", - dedi u.
Iqtisodchi Bil Adams fikricha, Trampning rejasi hamkor davlatlarni ham shunday yo'l tutishga majbur qiladi.
"AQSh xorij mahsulotiga tarif joriy etsa, savdo hamkorlarimiz ham AQShga qarshi shunday chora ko'radi. Lekin, odatda, shundan uyog'iga o'tishmaydi", - deydi u.
Prezidentning yetakchi respublikachi hamkorlari bu choralar xalqaro savdo urushiga yetaklishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Adamsga ko'ra, tariflarning AQSh iqtisodiyotiga ta'siri katta bo'lmaydi.
"Metallarga joriy etiladigan tarifning AQSh iqtisodiyotiga to'gridan to'g'ri ta'siri kichik. O'rtacha iste'molchi po'lat yoki alyuminiyni har hafta olmaydi, shuning uchun narxlarda o'zgarish sezilmasligi mumkin", - deydi u.
"Termaks" rahbari Mark Smit esa avtosanoat jiddiy yo'qotishga uchraydi, degan fikrda.
"Agar material narxi 25 foizga oshsa, albatta, men biznesmenman, vaziyatga qarayman. Boshqa joyda biznes qilish menga arzonroq tushishi mumkin", - deydi u.
Birjada aksiya narxlari yana o'sa boshladi. Chunki sarmoyadorlar prezident o'z so'zidan qaytadi, degan umidda.