Turkiya Suriya shimolidagi kurd jangarilariga qarshi hujumni vaqtincha to'xtatishga rozi. Sulh besh kun davom etadi. AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens kelishuvni Anqarada Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog'an bilan muzokaradan so'ng e'lon qildi.
Tanaffus, deydi Pens, kurdlarning YPG guruhi a'zolariga Turkiya-Suriya chegarasini, 32 kilometrlik bufer zonasini tark etishga imkon beradi. Uning aytishicha, harbiy harakatlar to'xtatilishi notinch mintaqada xavfsizlikni ta'minlashga qaratilgan.
YPG guruhi "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda AQSh bilan hamkor. Prezident Donald Tramp Suriya shimolidan Amerika harbiylarini chiqarishga buyruq bergani, Turkiya bu qaror ketidan amaliyotini boshlagani keskin tanqidlarga sabab bo'lmoqda.
Suriyalik kurd siyosatchi Aldar Halil deydiki:
"Biz Turkiyaning Suriya hududiga 30 kilometr kirib borishiga boshidan qarshi edik. Sulh paytida hujum qilinsa, kurdlar o'zini himoya qiladi".
Vitse-prezident Mayk Pens so'zlariga ko'ra, Turkiya va AQSh hudud taqdiri hamda "Islomiy davlat"ga qarshi birgalikda kurashni davom ettirish haqida gaplashishga kelishib olgan.
Turkiya hujumni to'xtatishga ko'ngani tufayli endi bu davlatga iqtisodiy sanksiya qo'yishga hojat yo'q, deya bildirmoqda Prezident Tramp. Uning amerikalik askarlarni Suriyadan chiqarish qarorini Kongressdagi aksar qonunchilar qoralagan. Biz bilan bir safda kurashgan kurd ittifoqchilarimizga xiyonat qildik, deydi ular.
Tramp kelishuvni Twitter orqali maqtab chiqdi:
"Bu sivilizatsiya uchun ajoyib kun. Zarur ammo noan'anaviy yo'ldan borar ekanman, meni quvvatlaganlardan xursandman. Yillardan beri bunday kelishuvni kutishayotgan edi. Millionlab odamlar hayoti saqlab qolinadi. Tabriklayman hammani".
Avvalroq AQSh rahbari Turkiya amaliyoti qanday yakunlanishi biz uchun ahamiyatga ega emas, deya ta'kidlagan edi. AQSh Vakillar palatasida Trampning askarlarni Suriyadan chiqarish qarorini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilingan. Prezident amerikalik askarlar bilan IShIDga qarshi jang qilgan kurdlarni "farishta emas" deya ta'riflab kelmoqda.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho'g'li harbiy amaliyot shunchaki vaqtincha to'xtatilganini ta'kidlamoqda. "Kurd kuchlari hududni to'liq tark etsagina amaliyot to'xtatiladi", - deydi u.