Jo Bayden Turkiyaga tashrif buyurmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden chorshanba kuni Turkiyada bo’lishi kutilmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, Prezident Rajab Toyib Erdog’an unga noroziligini bildirishi mumkin, chunki Turkiyada davlat to’ntarishiga harakatdan so’ng Erdog’an ittifoqchi davlatlar rahbarlaridan hech biri Turkiyaga kelib uni qo’llab-quvvatlamaganini, ustiga-ustak fitnachilarning hibsga olinishini tanqid qilishganini afsus bilan tilga oldi.

Turkiya so’nggi oylarda og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Terror xurujlari, siyosiy fitna, Yevropa Ittifoqi bilan amalga oshmayotgan vizasiz aloqalar rahbariyat va xalqni bezovta qilmoqda.

“Vitse-prezident Turkiyadek ittifoqchimizni qo’llab-quvvatlash uchun safarga chiqmoqda”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest.

Anqara AQSh va Yevropadan hamdardlik so’zlarini emas, balki tanqid eshitganidan xafa, deydi tahlilchilar.

“Turklar Qo’shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi kabi uzoq yillik ittifoqchilarning darrov dalda bermaganidan, yuqori darajali rasmiysini Turkiyaga yubormaganidan taajjubda”, - deydi Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Kamol Kirishchi.

Turkiya rahbari davlat to’ntarishiga harakatda AQShda yashovchi sobiq imom Fathulla Gulenni ayblar ekan, Qo’shma Shtatlar uni ekstraditsiya qilish talabini inkor etib kelayotganini ham tanqid qildi.

"Axir biz strategik hamkorlar emasmizmi? Ekstraditsiya haqida kelishuvlarimiz yo’qmi? Axir bizdan terrorchilarni topshirishni so’rashganida biz hujjat talab qilmaganmizku”, - deydi Erdog’an.

Gulen vatanidagi siyosiy fitnaga aralashmaganini ta’kidlaydi.

Erdog’an Baydenning tashrifi chog’ida bu masalani ko’tarishi kutilmoqda. Oq uyning bildirishicha, yaqin kunlarda AQSh Adliya vazirligi rasmiylari Turkiyaga borib, Gulenga qarshi dalillar bilan tanishib keladi.