AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonning kutilmaganda ishdan olinishi Turkiya bilan aloqalarni yanada murakkablashtirishi mumkin.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho'g'lining Vashingtonga belgilangan safari qoldirildi. AQShda u Suriya va Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilishi kutilayotgan edi.
Turkiya ayni paytda Suriyada kurd jangarilariga qarshi harbiy amaliyot olib bormoqda.
Suriya mojarosi ittifoqchilar orasiga sovuqlik tushirdi. AQSh Suriya kurdlariga ko'mak ko'rsatgani Anqaraning jiddiy e'tiroziga sabab bo'ldi.
Tillerson ushbu munozaralarni bir yoqli qilib, tomonlarni yarashtirishga qattiq uringani aytiladi.
Markaziy Razvedka agentligi rahbari Mayk Pompeo Tillersonning o'rnini egallaydigan bo'ldi. U Senat tasdig'idan o'tishi kerak.
2016-yil Turkiyada yuz bergan harbiy isyon ortidan Pompeo "Twitter" orqali Erdog'anni totalitar islomchi diktator deb atagan edi.
Tahlilchilar fikricha, Turkiya Pompeoning Suriya kurdlariga nisbatan Pentagon tutgan mavqeda bo'lishidan xavotirda.
"Pompeo qattiq pozitsiyani tanlashi mumkin. YPGni qo'llayotgan Pentagon mavqesiga yaqin bo'lishi mumkin. Pompeo diplomatiyaga emas, harbiy nuqtai nazarga yondashishi mumkin degan xavotirlar kuchli", - deydi turkiyalik tahlilchi Semih Idiz.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, AQSh-Turkiya aloqalarining taqdiri yangi davlat kotibining diplomatik maqsadlari qanday bo'lishiga bog'liq.
"Pompeoning kelib chiqishi harbiylardan. U Tillersonga qaraganda keskinroq choralarga qo'l uradi. Agar bu Turkiya foydasiga bo'lsa, yaxshi, lekin Turkiyaga qarshi bo'lsa, yana bir muammo", - deydi sobiq turk diplomati Aydin Seljen.
Pompeo Eronga keskin qarshiligi bilan ham tanilgan va bu mavqe Prezident Donald Trampga xush kelmoqda.
"Turkiya AQShga kerak, mintaqadagi maqsadlarini amalga oshirishi uchun. Masalan, Eronning ta'sir doirasini cheklash uchun", - deydi Qodir Xosh universiteti eksperti Soli O'zel.
Turkiya Eronning asosiy savdo hamkorlaridan biri sanaladi. Tehron ayni paytda mintaqada ta'sir doirasini kengaytirishga urinmoqda. Yaqin Sharqda bunga qarshi turib bera oladigan yagona kuch bu Turkiya, deydi kuzatuvchilar.
Ammo Pompeo Eronga qarshi siyosatda Turkiyani qanchalik hisobga oladi, bu hozircha noma'lum.