Kelasi hafta Qozog'iston poytaxti Ostonada Rossiya, Eron va Turkiya Suriyada tinchlikka erishish uchun o'z takliflarini muhokama qiladi. Aprel oyida bu davlatlarning rahbarlari sammit o'tkazishi kutilmoqda.
Maqsad - Suriyada urushga yakun yasash. Hozirgacha Ostonada sakkiz marta muzokara kechgan. Samara sezilmaydi. Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif umidni boy bermoqchi emas.
2017-yilning noyabrida Sochida uchrashgan Rossiya, Turkiya va Eron rahbarlari Suriyada tinchlikka birgalikda erishishga kelishib olgan edi. Lekin amalda bu maqsadga hozirgacha erishilmadi.
AQSh Suriya borasida BMT Xavfsizlik doirasida kelishib olish tarafdori. Suriya rahbari Bashar al-Assad, Vashington nazarida, o'z xalqining qotili va rahbarlikdan ketishi kerak.
Turkiya o'z chegaralari yaqinida kurd jangarilar bilan olishmoqda. Amerika quvvatlaydiga kurdlar Anqara uchun dushman deb ko'riladi. AQSh uchun esa ular "Islomiy davlat" ga qarshi kurashda kuchli hamkorlar.
Davlat departamenti Turkiya bilan murosa yo'lini izlamoqda. Hukumatlar terrorizmga qarshi sherik ekanini qayd etadi, lekin kurdlar masalasiga kelganda turlicha pozitsiyada.
Kurdlar kuchayishini Turkiya o'ziga nisbatan tahdid deb biladi chunki kurdlarning mustaqillik harakati jadallashishi mumkin.
Turkiya NATOdan norozi. A'zo davlat ekanmiz, deydi turk rasmiylari, bu blok bizning manfaatlarimizni ham hisobga olib, yordam berishi kerak.
Prezident Rajab Toyip Erdog'an Suriyadagi vaziyat uning davlatiga xavf solayotganini aytadi. NATOni u loqaydlik va ikkiyuzlamachilikda ayblaydi.
AQSh pozitsiyasi shuki, Suriyaning ayrim hududlarida Turkiya va Rossiya aholini qirmoqda. Ular norasida insonlar qonini to'kmoqda, deydi Amerika diplomatlari. Anqara va Moskva bu qilmishlari uchun javob berish o'rniga asossiz dashnom otish bilan band.
AQShning Turkiyadagi sobiq elchisi Robert Piyerson tahlilicha, Anqara Suriyada nimaga erishmoqchi ekanini aniq belgilamagan. Turk harbiylari Afrinda amaliyotlar bilan band ekani u yerda "Islomiy davlat" faol emasligini anglatadi. Agar shunday bo'lsa, unda bu Amerika uchun xushxabar. Biroq Turkiya u yerda qancha qoladi? Bu savolga javob yo'q.
Vashington uchun Turkiyaning Suriyadagi ishlari ortiqcha, o'rinsiz harakat. Biroq Tramp ma'muriyati bu singari nozik masalada Anqara bilan til topishishga qiynalmoqda. Kurdlar bilan hamkorlik joyida. Kurd jangarilari Suriyada hududida AQSh madadi bilan operatsiyalarni davom ettirmoqda.
Facebook Forum