Britaniya va AQSh o'zaro manfaatli hamkorlik qurishga kelishib oldi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp (chapda) Britaniya Bosh vaziri Tereza Mey bilan, Vashington, 27-yanvar, 2017-yil.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyni qabul qildi. Uchrashuv ortidan rasmiylar jurnalistlar bilan uchrashdi. Trampning aytishicha, ikki davlat aloqalari yanada mustahkam bo'ladi.

Tereza Mey AQShda Tramp bilan uchrashgan birinchi xorijiy davlat yetakchisi. U ko'p masalalarda Tramp bilan hamfikr ekanini aytdi.

Tramp ham Britaniya va Amerika xalqini oldinda buyuk kunlar kutayotganini ta'kidladi.

Har ikki rasmiy aloqalarni kuchaytirish, ayniqsa, savdo hajmini oshirish bo'yicha choralar ko'rilishini aytdi. Londonning Yevropa Ittifoqidan chiqayotgani, shuningdek, AQShning 12 davlatni o'z ichiga olgan Trans-Tinch okeani savdo bitimini tark etgani tomonlar uchun yangi savdo hamkorlarini topishni taqozo etadi.

Meyning aytishicha, AQSh Tramp ma'muriyati ostida "kuchli, buyuk va o'ziga ishonadigan" davlat bo'la oladi va bu butun dunyo uchun yaxshi.

Tramp o'z navbatida barcha mamlakatlar bilan yaxshi aloqa qurishni xohlashini, ammo har doim ham bunday bo'lmasligini ta'kidladi.

Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni yumshatasizmi, deb so'ralgan savolga, bu haqda qaror berishga hali erta, deb javob berdi.

Rossiya haqidagi savolga Tereza Mey ham javob berib, Moskva Minsk kelishuvi shartlarini bajarmaguncha Ukraina yuzasidan Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilmaslik kerak, dedi.

Britaniya bosh vaziri bir kun avval Filadelfiyada o'tgan respublikachilar anjumanida ham qatnashdi. Yig'inda uning aytishicha, xorijdagi davlatlar ahvolini yaxshilash uchun AQSh va Britaniya boshqalarning ishiga aralashadigan kunlar tugadi.

Meyga ko'ra, Britaniya va AQSh, birinchi navbatda, o'z qadriyatlarini himoya qilishi kerak. Muvaffaqiyatsiz chiqqan eski siyosatlarga qaytmasligimiz kerak, deydi u.

"Ammo tahdid muqarrar bo'lgan paytlar jim ham o'tira olmaymiz. Bunday holatlarda aralashish bizning manfaatimizga xizmat qiladi. Biz kuchli, aqlli va qat'iy bo'lishimiz kerak", - dedi Britaniya bosh vaziri.

U BMT va NATO kabi tashkilotlarni isloh qilishga ham chaqirdi. "Ular bugungi kunga mos va aniq maqsadga ega bo'lishi kerak. AQShga suyanishni bas qilishsin", - dedi Mey.

"Mustaqil davlatlar o'z xavfsizligi va farovonligini AQShga topshirib qo'ymasligi kerak. O'z vazifalarini bajara olmasdan, ittifoqchiligimizga rahna solmasliklari kerak", - dedi u.

Matbuotda AQShning xalqaro tashkilotlardagi ishtiroki kamayishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo'ldi. Oq uy so'zlovchisi Shon Spayserning aytishicha, Tramp BMT kabi xalqaro uyushmalarga yordamni kesish yoki kesmaslik haqida hali bir qarorga kelgani yo'q.