Rossiya va G’arb davlatlari Ukraina yuzasidan tortishyapti

  • Amerika Ovozi
AQSh davlat kotibi Jon Kerrining ta’kidlashicha, Amerika va Yevropa Ittifoqi hukumatga qarshi bosh ko’targan Ukraina xalqini qo’llab-quvvatlaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya va G’arb davlatlari Ukraina yuzasidan tortishyapti/Shohruh Hamro


Germaniyada o’tgan xavfsizlik anjumanida 70 dan ziyod davlatlarning vazirlari qatnashdi. Ukraina kun tartibidagi bosh mavzulardan bo’ldi.

Ukraina hukumati Yevropa Ittifoqi bilan emas, balki Rossiya bilan yaqinlashuv yo’lini tanlagani ommaviy namoyishlarga turtki bergan. G’alayon tobora qonli tus olayapti.

AQSh bosh diplomati Jon Kerri prezident Viktor Yanukovichni jiddiy islohot dasturi bilan chiqishga undamoqda.

“Aksar ukrainaliklar xavfsiz va erkin davlatda farovon hayot kechirishni istaydi. Bu orzuga erishishda ularga madad bera oladigan sherik-ittifoqchi tanlash uchun kurash ketmoqda. Ukraina ahli biladiki, kelajak faqat bir davlat bilan hamkorlikka tayanmasligi kerak. AQSh va Yevropa bu kurashda ularni qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Jon Kerri.

Muxolifat yetakchilariga ko’ra, namoyishchilarning maqsadi - Yevropa bilan hamnafas, zamonaviy jamiyat qurish.

“Xalq kutishdan charchadi. Poraxo’rlik, qonunlar toptalishiga ortiq chidash yo’q”, - deydi muxolifat liderlaridan biri, mashhur bokschi Vitaliy Klichko.

“Odamlar sekin-asta agressiv harakatlarga qo’l urmoqda. Ukraina prezidenti o’z xalqi oldidagi mas’uliyatni his etishi kerak. U ulkan vakolatlarga ega, bo’layotgan voqealar uchun u javobgar”, - deydi u.

Yanukovich esa oppozitsiyani siyosiy vaziyatni ataylab izdan chiqarayotganlikda ayblaydi. “Hukumat siz bilan til topishishga harakat qildi. Bosh vazir ishdan olindi, hibsdagi namoyishchilarni avf etish va’da qilingan”, deydi prezident.

Ammo namoyishchilar hukumat idoralarini tark etsagina amnistiya kuchga kuradi. Muxolifat yangi hukumat tuzilmaguncha bu talabni bajarmoqchi emas.

Myunxen anjumanida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so’zga chiqib, namoyishchilarning qilmishlariga ko’z yumayotganlarni va Ukraina rahbariyatini tanqid qilayotganlarni ikkiyuzlamachi deb atadi.

“Davlat idoralarini bosib olganlar, politsiyaga hujum qilayotganlar, irqchi, natsist va antisemit shiorlar bilan chiqayotganlarni nega tanqid qilmaysiz?”, - deb so’raydi Lavrov.

Yevropa tashqi aloqalar kengashi nomli tadqiqot markazi olimi Olaf Benke izohicha, xorijiy davlatlar Ukrainadagi siyosiy inqirozni hal qilishda yordam bera olgani yo’q.

“Muayyan yo’llar bilan hukumatga bosim o’tkazish kerak, albatta. Lekin ko’p narsa Ukraina xalqining o’ziga va namoyishchilarga bog’liq”, - deydi u.

Benke nazarida, Ukrainada huquq poymol bo’layotganiga e’tibor qaratish ham o’ta muhim.

“Yanukovich qo’li ostidagi huquq-tartibot idoralari, ichki ishlar va politsiya xodimlari ko’chada namoyish qilayotgan odamlar huquqini oyoq osti qilayapti”.

Jon Kerri muxolifat liderlarini islohot talabidan qaytmaslikka undadi. Qon to’kilishidan hech kim manfaatdor emas, deydi bosh diplomat. Kerrining aytishicha, AQSh va Rossiya Ukraina bahonasida bir-biriga tosh otayotgani yo’q. Har ikki davlat Ukraina bilan hamkorlikdan manfaatdor, deydi Kerri.