Qo'shma Shtatlar Afg’oniston tinchlik muzokaralarining navbatdagi davrasini Samarqandda o’tkazish tashabbusini qo’llab-quvvatlaydi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQShning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Halilzodning Toshkentdagi uchrashuvida ma’lum qilingan.
Halilzod, shuningdek, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha tashabbuslari, jumladan siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohada yuritilayotgan hamkorlikni muhokama qilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh va Tolibon o'rtasida vositachilik qilayotgan Halilzod Afg’onistonda Prezident Ashraf G’ani bilan o’tkazgan muzokaralari ortidan O’zbekistonga borgan.
Toliblar bilan navbatdagi muloqot 14-15 aprel kunlari Qatarda bo'lib o'tadi. Unda afg’on hukumati vakillari ham ishtirok etishi ehtimoli yo’q emas.
Toshkent bir necha bor afg’on hukumati va toliblar o’rtasidagi tinchlik muloqotini O’zbekistonda o’tkazish tashabbusini ko’targan. So’nggi bor bu taklif Abdulaziz Komilov boshliq delegatsiyaning mart oyida Afg’onistonga qilgan safari, Prezident G’ani bilanmuzokaralaridan so’ng bildirilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev bilan o’tgan uchrashuvda Zalmay Halilzod muloqot Samarqandda o’tkazilishini AQSh qo’llab-quvvatlashini bildirgan.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko’ra, Halilzod va Komilov uchrashuvida tomonlar tinchlik jarayoni haqida fikr almashgan, qarama-qarshi tomonlarni sulhga keltirish faqat muzokaralar orqali amalga oshishini qayd etishgan.
O’zbekistonning Afg’onistonga doir yirik iqtisodiy loyihalari yuzasidan hamkorlik qilish, Afg’oniston Markaziy Osiyodagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hududning bir qismiga aylanishi uchun mamlakatni qo’llab-quvvatlash ham muhokama qilingan.
Toliblar bilan tinchlikka erishish sa'y-harakatlari Afg’onistonda janglar muttasil davom etayotgan, Tolibon tasarrufidagi hududlar kengayib borayotgan bir paytda olib borilmoqda.
Toliblarning AQSh bilan muloqotga kirishgani, afg’on hukumati toliblarni siyosiy jarayonga qo’shilishga da’vat etayotgani toliblar yaqin kelajakda Afg’onistondagi rasmiy siyosiy kuchga aylanishi ehtimolini yaqin qiladi.
Markaziy Osiyoda Tolibonning hukumatga qaytishidan xavotirlar hamisha kuchli bo’lib kelgan, ammo Toshkent pozitsiyasi inobatga olinsa, aksincha afg’on hukumati va toliblar o’rtasidagi sulh mintaqa xavfsizligining kafolati sifatida ko’rilmoqda.
Tinchlik muloqotiga doir qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi tomonlar shartsiz muloqot boshlashini maqsad qiladi.
Sharhlovchilarga ko’ra, Toshkent mintaqa xavfsizligiga tahdidni toliblardan emas, asosan Afg’onistondagi islomiy jangarilaridan ko’radi. Bu Toshkentning toliblar bilan yuritayotgan muloqoti doirasida muhokama qilingan masala ekanligini taxmin qilish mumkin.
Afg’oniston bo’yicha rossiyalik ekspert Andrey Sirenko toliblar turli kuchlar bilan muloqotga kirishayotganini qayd etar ekan, Moskva muloqotlaridan farqli Toshkent tashabbusi AQSh tomonidan faol qo’llanayotganini ta’kidlaydi.
“Gap shundaki, toliblar bilan yuritilayotgan muloqot shartlari ochiq emas, ular xalqaro qo’shinlar so’zsiz olib chiqilishini talab qilayotgani ma'lum xolos. AQSh maxsus vakili bilan o’tayotgan so’nggi muloqotlar ortidan toliblar xotin-qizlar huquqiga oid ayrim o’zgarishlarga roziligi haqidagi ma’lumotlar tarqaldi, ammo bular ham asosan shariat darajasida ruxsat berilayotgan huquqlar. Tolibon bilan muloqot istiqboli faol muhokama qilinmoqda, jumladan Toshkentda ham. Haqiqatda Tolibonni hokimiyatga qaytishidan manfaatdor tomon kam, chunki kelajakka nisbatanmavhumlik hali yo’qolmagan”, - deydi Sirenko.
Afg’oniston bo’yicha Toshkent deklaratsiyasiga ko’ra, tomonlar shartsiz tinchlik muloqotini boshlashi kerak. Bunday muloqot o’tkazilishiga afg’on hukumati, toliblar ham qarshi emas. Har holda Tolibon vakillari deklaratsiya doirasida Toshkentda uchrashuvlar o’tkazib ketishgan edi.
Afg’onistonda tinchlik o’rnatish masalasi AQSh o’z qo’shinlarini bu mamlakatdan olib chiqishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan yanada dolzarblik kasb etadi.
“Ayni paytda AQShning Afg’oniston siyosatini bashorat qilish qiyin. Tramp qo’shinlarni olib chiqish tarafdori, ammo uning bu rejasiga nisbatan keskin qarshilik ham mavjud. Ya’ni AQShning Afg’onistondagi ishtirokini yana mustahkamlashga qaratilgan”, - deydi Sirenko.
Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, afg’on hukumati uchun ham, xalqaro qo’shinlarning Afg’onistonda qolishi mintaqa xavfsizligining asosiy kafolati sifatida ko’rib kelinadi.