16-iyun kuni Qashqadaryo viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan hibsga olingan Zokir Aliyev bugun qo'yib yuborilgan. Lekin tergov ishi davom etadi. 46 yoshli Aliyev 2000-yildan beri AQShda yashaydi va shu davlat fuqarosi. Ona yurtiga u 25 yil o'tib, O'zbekiston vizasi bilan, yaqinlarini ko'rishga borgan.
Ayni paytda Chiroqchi tumanidagi ota-onasining uyida bo’lgan Zokir Aliyev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, "hibsda mening iqrorlik ko’rsatmasi berganim haqida tarqalgan ma’lumotlar asossiz", - deb aytdi.
"Afg’onistonda bo’lmaganman, “O’zbekiston islomiy harakati”ga qasamyod keltirmaganman", - deydi Aliyev.
AQShdan O’zbekistonga borishi bilan olib ketilgan Aliyev 22-iyun kuni ochiqda yurib tergov qilinish sharti bilan Qarshidagi “Shayxali” qamoqxonasidan ozod qilingan. Tergov davomida u mamlakatni tark etmasligi kerak.
Davlat xavfsizlik xizmati matbuot orqali Zokir Aliyev “O’zbekiston islomiy harakati”ga qasamyod keltirgan, Afg’onistondagi jangovar harakatlarda qatnashgan, deya ayblab chiqqan edi.
Zokir Aliyevning aytishicha, jinoiy ishdagi ayblovlar to’qima; uni Afg’onistonda ko’rgani haqida tergov paytida guvohlik bergan shaxslar ham unga mutlaqo notanish; bu davrda u AQShda bo’lganini tasdiqlovchi dalillar yetarli va u buni tergovchiga aniq bildirgan.
Ta’kidlanishicha, Zokir Aliyevning Afg’onistonda janglarda qatnashganini bir paytlar o’zbek janggarilari bilan bir safda bo’lgan guvohlar ko’rsatmasiga ko’ra isbotlamoqchi bo’lishgan, ammo bu guvohlarni Aliyev ko’rmagan, tanimaydi.
DXX tergovi faqatgina “O’zbekiston islomiy harakati” va Afg’onistondagi jangovar harakatlarga qo’shilishga doir iddaolar bilan cheklanmagan. Aliyev Turkiyadagi hayoti, muxolifat faoliyatiga doir ham so’roqqa tutilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Aliyev O’zbekistondan 1992-yilda chiqib ketgan. Bir muddat Turkiyada o’qigan, yashagan, keyinchalik AQShga ko’chgan. U O’zbekiston fuqaroligidan chiqqan, bu haqda tegishli hujjatga ega. 2014-yildan AQSh fuqaroligini qabul qilgan. Aliyev O’zbekistonga 25 yillik tanaffusdan so’ng, qarindoshlarini ko’rish uchun qaytgan.
O’zbekistonning Vashingtondagi konsulligi uning pasportiga uch oylik muddatga viza qo’yib bergan, ammo O’zbekistonda qidiruvda ekanligi yuzasidan biror ogohlantirish bermagan.
16-iyun kuni O’zbekistonga uchib kelgan Zokir Aliyev Chiroqchida qarindoshlarining uyidan DXX tomonidan olib ketilgan edi. Ikki kun o'tib, O’zbekiston davlat matbuotida Zokir Aliyevning “O’zbekiston islomiy harakati”ga a’zolikda ayblanayotgani haqidagi ma’lumot tarqaldi.
AQSh fuqarosining O’zbekistonda hibs qilinishi ijtimoiy tarmoqlarda kuchli munozara qo’zg’adi, ayniqsa AQShdagi o’zbek jamoatchiligida keskin norozilikni yuzaga chiqardi.
Yangi hokimiyat, jumladan Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSh safari davomida islohotlar haqida bergan va’dalari ham keskin tanqid ostida qoldi.
Zokir Aliyev fikricha, ehtimol unga nisbatan ochiqda yurib tergov berish chorasi qo’llanilishi ham bu ishning kuchli munozaralar qo’zg’agani, jamoatchilikning hokimiyatga nisbatan bosimi kuchaygani bilan bog’liq.