Kongress kutubxonasi qoshidagi "Ochiq dunyo" liderlik markazi tomonidan uyushtirilgan tashrif davomida Oliy Majlis a'zolari AQSh qonunchilari bilan uchrashdi.
1-3 noyabr kunlari o'tgan muloqotlar Nyu-Yorkda 31-oktabr kuni yuz bergan terror hujumi soyasida kechdi. Amerika ahli radikalizm va bu xurujda ayblangan o'zbekistonlik, 29 yoshli Sayfullo Soipov masalasini muhokama qilar ekan, Toshkentdan kelgan mehmonlar axborot vositalari e'tiboridan narida bo'ldi. Tadbirlarga matbuot xodimlari taklif qilinmadi. Tomonlar bu fojia yuzasidan fikr almashgani aniq.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Vashingtondagi elchixona Amerika xalqiga hamdardlik bildirib, sakkiz kishini hayotdan olib ketgan voqeani tekshirishda hamkorlikka shay ekanini bayon etgan.
O'zbekiston senator va deputatlaridan iborat delegatsiya inson huquqlari va erkinliklar ta'minotini kuzatuvchi Xelsinki komissiyasi rahbariyati bilan ko'rishgan. Respublikada siyosiy-ijtimoiy islohotlar boshlangan va ularni amalga oshirishda Toshkent Vashington quvvatlovini olqishlaydi, degan gaplar yangragan.
Delegatsiya senator Rojer Uiker, kongressmenlar Jim Makgovern, Fransis Runi, Eliot Engel, Robert Aderxolt, Jeff Fortenberri va Deyvid Prays bilan uchrashgan.
O'zbekiston qonunchilariga ko'ra, Oliy Majlis mustaqil organ sifatida shakllanmoqda; ijroiya va xavfsizlik organlari ustidan nazoratni ta'minlash harakati ketmoqda; mutasaddilar muntazam ravishda senatorlar va deputatlar oldiga kelib, hisobot berishni odat sifatida yo'lga qo'yish uchun zarur qadamlar tashlanmoqda.
Delegatsiya O'zbekiston AQSh bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kengaytirish niyatida ekanini qayd etar ekan, Prezident Mirziyoyev sentabr oyida Nyu-Yorkka BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasiga kelganida, vatanga Amerika xususiy sektoridan qariyb 3 milliard dollarga teng sarmoya va'dasi bilan qaytganini eslatgan.
Kongressdan bu mehmonlar bilan uchrashgan biror qonunchi o'z munosabatini bildirmagan. "Ochiq dunyo" liderlik markazi ham bayonot bermagan. Lekin markazning "Twitter" sahifasiga ko'ra, Oliy Majlis a'zolari bilan oshkoralik va saylovchilar bilan yaqindan ishlash mavzulari haqida gap ketgan.
Today, #OWLC welcomes Members of Parliament from Uzbekistan.Themes for this week: transparency in gov't & constituent engagement (1/2)
— Open World program (@OWprogram) November 1, 2017
Oktabr oyi o'rtalarida Oliy Majlisning yetakchi a'zolari AQSh poytaxtida bo'lgan edi. O'sha ular ham parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish umidida ekanliklarini aytgan. Senat qoshida o'tgan tadbirda Vashington siyosat va ilm ahli hamda jurnalistlarning savollariga javob bergan edi.