AQSh Davlat departamentining xavfsizlik masalalari bo’yicha bosh maslahatchisi Tomas Dauton (Thomas Daughton) boshliq delegatsiya O’zbekistonda mulozimlar bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan qisqa xabarga ko’ra, uchrashuvda ikki davlat o’rtasida avval imzolangan kelishuvlar ijrosi muhokama qilingan.
So’nggi paytda Vashington-Toshkent o’rtasida muzokaralar bir qadar muntazamlashgani kuzatiladi. AQShning yangi elchisi Jorj Krol O’zbekiston matbuotidagi chiqishlarida ikki tomonlama aloqalar imkoniyati keng ekaniga ahamiyat qaratmoqda.
“Ishonamanki, aloqalar yana ham rivojlanib, hamkorlik va bir-birimizga bo’lgan ishonch yangi bosqichga ko’tariladi“, - deydi Jorj Krol O’zbekiston mustaqilligi munosabati bilan “Inson va qonun“ gazetasiga bergan intervyusida.
“Xalq so’zi” gazetasida chop etilgan maqolada esa elchi O’zbekiston mustaqillik yillarida jiddiy yutuqlarga erishganini e’tirof etar etib, ayni paytda ta’lim, inson huquqlari va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish borasida ish olib borilayotganini ta’kidlaydi.
Vashington va Toshkent o’rtasida muzokaralar jonlanishi turli tanqidiy qarashlar bilan ham kuzatilayapti. Tanqidlar asosan fuqarolik jamiyati va huquq masalasi chetda qolayotgani, bu boradagi muloqotlar kutilgan samarani bermayotgani haqida.
Rossiya axborot vositalarida AQSh-O’zbekiston o’rtasida jonlangan muzokaralar ko’proq Afg’onistondagi o’zgarishlar bilan bog’liq ravishda tahlil qilinadi. Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqishga hozirlik ko’rayotgan AQShning O’zbekistonda harbiy qo’nalg’a topishga uriniyotgani qayd etiladi.
Amerika elchisi Jorj Korl jurnalistlar bilan o’tkazgan uchrashuvida bunday qarashlarni mutlaqo inkor etgan edi. Krol inson huquqlari va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi hamkorlikka ham to’xtalgan.
“Bu masala Vashington va Toshkent o’rtasida yo’lga qo’yilgan siyosiy muloqotning ajralmas qismi”, - deya ta’kidlaydi u. O’zbekistondagi huquq himoyachilari esa yilda bir o’tadigan mazkur uchrashuvlardan samara bo’lishiga ishonmaydi.
Bu orada, prezident Islom Karimov AQSh rahbari Barak Obamaga 50 yillik yubileyi munosabati bilan tabrik yo’lladi. Karimov O’zbekistonda Barak Obamaning prezidentlik faoliyati qiziqish bilan kuzatib kelinayotganini ta’kidlar ekan, aloqalar rivojlanishiga qo’shgan hissasini yuksak baholaydi.
O’zbekiston rahbari o’zaro tenglik va ishonch asosida hamkorlik imkoniyatlarini to’la amalga oshirish mumkinligini e’tirof etgan.