Amerikaning tadbirkor ayollari umidga to'la, lekin to'siqlar oz emas

  • Amerika Ovozi

Ikki tadbirkor ayol restoranida tortiladigan burgerni ko'z-ko'z qilmoqda

AQSh tarixida ilk bor yetakchi partiyadan prezidentlikka ayol kishi nomzod etib ko'rsatildi. Xo’sh, bu muhim voqea xotin-qizlarning bugungi ahvoli haqida nima deydi?

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda tadbirkor ayollar umidga to'la

“Bank of America” o’tkazgan so’rovda qatnashgan kichik biznes sohiblari "yo’q, to’siqlar hali ko'p", deya javob qilmoqda. So’ralgan ayollarning 77 foizi va erkaklarning 56 foizi fikricha qilinadigan ishlar talay.

Ayol tadbirkorlarning 51 foizi o’ziga o’zi xo’jayin bo’lishi uchun biznes boshlagan.

Hanuz mavjud

Akvila Leon-Sun boshqaradigan “Advanced Talent Solutions” kompaniyasi nodavlat tashkilotlar va hukumat idoralariga xodim yollashda yordamlashadi. Tadbirkor ayollar erkaklarga qaraganda bir necha karra ko'proq ishlashi kerak, aks holda daromad qilolmaysiz, deydi u. Muvaffaqiyatli kompaniya tepasida ayol turganini eshitgan odamlar hamon hayron qoladi. Demak, bunday ayollar kam.

Optimizm va xavotir

Qizig’i shundaki, so’rovda qatnashgan tadbirkor ayollar orasida kelajakka umid bilan qarayotganlar erkaklarga qaraganda ko’proq. 2015-2016-yillarda biznes sohasida kelajak porloq, deb ishongan erkaklar 15 foizga kamaygan.

Kelasi bir yil erkak va ayollar nazarida birdek xavotirli. Soliqlar oshishi mumkin. AQSh dollari qiymati va tovarlar narxi ko'tarilishi mumkin. So’ralgan ayollarning 55 foizi minimal maosh oshgani iqtisodiy yutuq deb hisoblaydi. Erkaklar orasida bundaylar - 41 foiz.

Kredit olsam bo’ladimi?

Biznes boshlash uchun kredit olish- o'ta muhim dovon. "Bank of America” boshqa banklar kabi yosh tadbirkorlarga madad ko'rsatadi.

“AQSh fuqarosi bo’lmagan, ammo qonuniy maqomga ega tadbirkorlarga ham yordam beramiz. Odamlarda biznesni boshlash va kengaytirish imkoni bor”, - deydi bank xodimi Sheron Miller.

Ammo so’rovda qatnashgan ayollarning to’rtdan biri kapital olishda erkaklarga qaraganda qiyinroq ahvolda.

Muvaffaqiyat kaliti nimada?

Kapital qo'lga kiritish biznes muvaffaqiyatni belgilaydi. Xodimlarga maosh to’lashdan tashqari mahsulot sotib olish ham kerak. Yuqori malakali mutaxassislarni yollash katta rol o’ynaydi. Shuningdek, ustozi bo’lgan tadbirkor tezroq oyoqqa turadi.

Muvaffaqiyat o'zi nima? Leon-Sun barcha xarajatlarni qoplash uchun yetarli daromadga ega bo’lish, ayni vaqtda odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko’rsatish, mijozlar og’irini yengil qilishni muvaffaqiyat deb biladi.

So’rovga ko’ra, ayollarning 60 foizi kelasi besh yil ichida biznesni kengaytirish niyatida, erkaklar orasida bundaylar – 52 foiz.

Amerikada xususiy sektor negizini aynan kichik bizneslar, ya’ni 500 dan kamroq xodimga ega firmalar tashkil etadi. AQShda ish beruvchilarning 99 foizi aynan kichik bizneslardir.