Yil sarhisobi: Tramp 2016-yilning eng katta voqeasi bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Viskonsin shtatida omma oldida, 13-dekabr, 2016

"Time" jurnali 2016-yil uchun Donald Trampni "Yil odami" deb e'lon qilganda ko'pcilik uchun ajablanarli hol bo'lmadi. Chunki u olib borgan saylov kampaniyasi amerikaliklarga va dunyo bo'ylab millionlab odamlarga katta ta'sir o'tkazdi. O'tgan 2016-yil Amerika siyosiy tarixida qanday iz qoldirdi?

Donald Trampning Oq uy sari safari 2015-yil iyunda boshlandi. U o'z niyatini xarakteriga mos ravishda dabdabali va tarafdorlari olqishiga sazovor bo'ladigan tarzda oshkor qildi.

"AQSh prezidentligi uchun nomzodimni rasman e'lon qilaman. Vatanimizni yana buyuk qilamiz", - degan edi u.

Tramp boshidan bahsli nomzod bo'ldi. Noqonuniy muhojirlarni mamlakatdan quvishga, musulmonlarni mamlakatga kiritmaslikka so'z berdi.

Dastlab, respublikachi raqiblari uni nazarga ilmadi. Tramp esa sekin-asta chetdan kelgan da'vogar sifatida o'z obro'sini mustahkamlab, birin-ketin raqiblarini, jumladan, Floridaning sobiq gubernatori Jeb Bushni yer tishlatdi.

Demokratlar orasida esa Hillari Klinton vermontlik senator Berni Sandersga qarshi kechgan qiyin kurash natijasida partiya nomzodligini qo'lga kiritdi.

Shundan so'ng u Trampni prezidentlik uchun noloyiq deb atadi.

"Twitterda zahrini sochadigan odamga yadro qurolini topshirib bo'lmaydi", - dedi u.

Saylov kuni Tramp Klinton ustidan g'alaba qozonib, butun dunyoni hayratga soldi.

G'alaba nutqida u xalqni birlashishga chaqirdi.

"Barcha respublikachilar, demokratlar va mustaqil saylovchilarga qarata, keling, bir xalq bo'lib birlashing, demoqchiman", - dedi Tramp.

Klinton esa tarafdorlarini natijani tan olishga undadi.

"Donald Tramp bizning prezidentimiz bo'ladi. Uni tushunishimiz, unga imkon berishimiz kerak", - dedi u.

Your browser doesn’t support HTML5

Yilning eng muhim voqeasi

Trampning g'alabasini o'zgarishga bo'lgan umid ta'minladi, deydi tahlilchi Tom Defrank.

"Hammamiz, jumladan, matbuot xalq orasidagi o'zgarishga bo'lgan katta ehtiyoj va xohishni jiddiy olmadik. Tramp, kamchiliklari shunchalik ko'p bo'lishiga qaramay, o'zgarish timsoli sifatida ko'ringan yagona vakil bo'ldi", - deydi u.

Kongressning respublikachilar qo'lida ekani ham Tramp uchun foyda, deydi Jon Fortier.

"Bu narsa unga mahalliy siyosat bo'yicha qonunlarni osonroq o'tkazish imkonini beradi. Klinton bo'lganda, bo'lingan hukumat orqali buni qilish mushkul bo'lardi", - deydi tahlilchi.

Tramp endi tarafdorlariga bergan va'dalarini bajarish hamda bo'lingan AQSh jamiyatini birlashtirish o'rtasida muvozanatni topa olishi kerak.