Geyts: AQSh Rossiya bilan hamkorlikdan mamnun

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Sankt-Peterburgda, 21-mart, 2011-yil

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts bugun Rossiyaga tashrif buyurar ekan, bu mamlakat bilan harbiy hamkorlikni olqishlamoqda, xususan Afg'onistondagi urush bobida.

Bugun Geyts Sankt-Peterburgda bo'lib, ertaga Moskvada prezident Dmitriy Medvedev bilan uchrashishi kutilmoqda.

"BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiyaning Shimoliy Koreya va Eronga nisbatan rezolyutsiyalar bobidagi ko'magidan hamda Liviyaga qarshi harbiy kuch ishlatishga ruxsat beruvchi hujjatga to'siq qo'ymaganidan mamnunmiz", - deydi AQSh vaziri.

Kreml BMTning bu boradagi rezolyutsiyasini tanqid qilgani bilan Xavfsizlik Kengashidagi ovoz berishda betaraf bo'ldi.

Geytsning aytishicha, 21-asr tahdidlari ikki davlatni hamkorlikka chorlamoqda.

"Terrorizm bir davlatni zaiflashtirgani bilan ikkinchisi bundan foyda ko'rolmaydi, aksincha bu balo boshqa davlatlarga ham xavf tug'diradi", - deydi u.

Robert Geytsning aytishicha, ikki davlat o'tmishdan yaxshi saboq oldi: AQSh va Rossiya manfaatlari ba'zi masalalar bo'yicha farq qilsa-da, ishonch bor joyda xavfli oqibatlarning oldini olish mumkin bo'ladi.