HRW: Afg'on maktablari harbiy maqsadda ishlatilmasin

  • Amerika Ovozi

Qur'on ko'targan afg'on bolalari madrasaga ketmoqda. Bag'lon, 15-mart 2016-yil

Afg'onistonda Tolibon nazoratidagi hududda hukumat qo’shinlari maktablardan harbiy amaliyotlarda foydalanmoqda, bu esa bolalar hayoti va o’qish jarayonini xavf ostiga qo’ymoqda, deyiladi “Human Rights Watch” inson huquqlari tashkilotining chorshanba kungi hisobotida.

Tashkilot, shuningdek, hukumatdan ta’lim sohasida xalqaro hamjamiyat yordami evaziga erishilgan yutuqlarni boy bermaslikni so’raydi.

Hisobot diqqat markazida shimoldagi Bag’lon viloyati maktablaridagi vaziyat. Puli-Xumri shahri atrofida so’nggi bir yil davomida shiddatli janglar kuzatilgan, deydi bosh qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan “Human Rights Watch” tashkilotining Afg’oniston bo’yicha tahlilchisi Patrisha Gossman.

Puli-Xumri chegara punktidagi afg'on askari

Unga ko'ra, afg’on askarlari maktablarni egallab olib, u yerdan turib jangarilarni nishonga olmoqda.

“Afg’on bolalarining ta’lim olish imkoniyatlarini nafaqat Tolibon, balki hukumatga qarashli kuchlar ham xavf ostiga qo’ymoqda, vaholanki, hukumat askarlari bu bolalarni himoya qilishi lozim”, - deydi u.

Shvetsiya yordamida faoliyat yuritgan maktab buzildi

“2015-yilda Shvetsiya ajratgan mablag’ evaziga Umar Xayl qishlog’ida ochilgan maktab ko’p o’tmay toliblar tomonidan bosib olindi. U yerda 350 o'quvchi tahsil olardi. Qishloq oqsoqollari toliblardan maktabni bo’shatishni so’rasa ham hech narsaga erisholmadi. 2016-yil boshida hukumat qo’shinlari maktabda yashiringan toliblarga hujum qilib, haydab chiqardi. Ammo avtomatlar va minomyotlar maktabni vayronaga aylantirdi”, deyiladi hisobotda.

Gossmanning bildirishicha, "Human Rights Watch" hisobotini 20 odam, shu jumladan maktab direktori, o’qituvchilar, mahalliy oilalar bilan suhbat asosida tayyorlagan.

“Askarlar hatto chodir shaklidagi maktablardan ham foydalanmoqda. Albatta, bunday vaziyat oqibatida qizlar ko’proq aziyat chekadi, chunki maktabda bir guruh qurollangan erkaklar bo’lsa, ota-onalar, ayniqsa, qizlarni maktabga yubormay qo’yadi”, - deydi Gossman.

Afg’on hukumati hisobotni savol ositiga qo’ydi

Afg’on Mudofaa vazirligi so’zlovchisi Davlat Vaziriy undagi iddaolarni inkor etdi. Hukumat o’z taftishini o’tkazgan va bunday holatlar qayd etilmagan, dedi rasmiy.

“Ammo biz hukumat qo’shinlari maktablardan foydalanayotganini inkor etmaymiz. Balki bir soat, balki 1-2 kun davomida maktablardan turib isyonchilarga qarshi operatsiyalarni o'tkazishar, lekin o’quvchilar ta’tilda bo’lganidagina”, - dedi u.

Afg’onistonda maktab tizimining kengayishi

2001-yilda toliblar hokimiyatdan quvilganidan buyon qator sohalarda yutuqlarga erishildi. Ta’lim - ulardan biri. Tolibon davrida maktabga faqat o’g’il bolalar qatnar edi, o'quvchilar soni bir milliondan kamroq edi. Endi esa bu raqam 9,5 millionga teng, 40 foizi - qizlar.

Afg'on o'quvchilaridan 40 foizi - qizlar

“Mojaro chuqurlashgan bo’lsa-da, ta’lim maskanlarini himoya qilish, ularning Afg’oniston kelajagiga sarmoya ekanini tan olish nihoyatda muhim. Hukumat harbiylarni maktablardan chiqarishi kerak. Oktabrda Bryusselda bo’lib o’tadigan xalqaro anjumanda donorlar rasmiy Kobuldan aynan shuni talab qilishi lozim”, - deydi Gossman.

Bag’londagi umumiy harbiy vaziyat

Bag’londa vaziyat yomonlashmoqda. So’nggi paytlarda Tolibon bir necha yangi hududni bosib oldi, viloyat markaziga yaqin muhim rayonni ham qo’lga kiritdi.

“2016-yilning ikkinchi yarmida birinchi yarim yillikka o’xshab Bag’londa xavfsizlikka oid vaziyat og’ir bo'ladi”, - deya bildiradi Kobuldagi Afg’oniston tahlilchilari tarmog’i.