Obidxon qori Nazarovga kim, nega hujum qildi?

Qori rasmiy Toshkentning, ayniqsa, musulmonlarga nisbatan siyosatning ashaddiy tanqidchilaridan

Shvetsiyada 22-fevral kuni otib ketilgan taniqli o’zbek imomi Obidxon qori Nazarovning ahvoli og’irligicha qolmoqda.

Bu suiqasd mamlakatda ko’p sonli o’zbek muhojirlarini qattiq xavotirga solgan, voqeani tekshirib, jinoyatchi va buyurtmachini aniqlashni talab qilayotgan tashkilotlar soni ortib bormoqda.

Obidxon qori Nazarov Stromsund shahrida o'z uyi yaqinida hujumga uchragan imom hozir shifoxonada qolmoqda.

Kimligi noma’lum qolayotgan jinoyatchi qorining boshiga qarata o’q otgan. Vrachlar jarrohlik amaliyoti o’tkazib, uning hayotini saqlab qoldik, deydi.

Politsiya ma’lumotiga ko’ra, jinoyatchi qo'llagan qurol topilgan. Hujum sabablari haqida hali biror narsa deyish qiyin, tergov-surishtiruv davomida qo’lga kirtilgan dalil-ashyolar xafsizlik nuqtai-nazaridan e’lon qilinmay turadi, deydi huquq-tartibot xodimlari.

Rasmiylarning bildirishicha, Shvetsiyada yashayotgan o’zbek qochqinlari hayoti xavf ostida emas. O’zbekistondagi siyosiy bosimdan bosh olib ketgan muhojirlarning katta qismi shu mamlakatda panoh topgan.

Obidxon Nazarov haqidagi xabar Ozbekiston axborot vositalarida ham berilgan. www.12.uz uni Toshkentdagi teror xurujlari ortida turgan shaxs deb tanishtiradi.

“Bu suiqasd o’zbek muhojirlarini xavotirlantirdi. Ko’plar buni O’zbekistondagi rejim bilan bog’lamoqda. Shvetsiyadagi ayrim nashrlarda imomni terrorchi deya taxmin qilishdi, lekin shvedlarning o’zlari ham bunga shubha bilan qaramoqda. To’g’risi, hech kim kutmagan edi, o’zbek maxsus xizmati bu yerga yetib borishini. Hozir politsiya muhojirlar bilan uchrashayapti, men bilan ham suhbat o’tkazishdi. Lekin politsiya har bir o’zbekning orqasidan yura olmaydi-ku. Bu muammoni hal etishning boshqa yo’lini topish kerak. Shvetsiya Rossiya emas, buning ortida kim turgani aniqlansa, muammo ancha oydinlashadi. Obidxon qori irqchilar tomonidan hujumga uchragan degan taxminlar bor. To’g’ri, ancha avval shunday ziddiyat bo’lgan, lekin bu suiqasd darajasiga ko’tariladigan ziddiyat emas”, - deydi Shvetsiyada yashayotgan faollardan biri To’lqin Qorayev.

Qoriga uyushtirilgan hujum butun Yevropa siyosiy doiralarida tashvish bilan qarshilangan.

Suiqasddan sal o’tib Germaniya parlamenti deputati, "Yashillar" partiyasi vakili Viola fon Kramon bayonot bilan chiqdi. U jiddiy tergov otkazishga, agar jinoyatda O’zbekiston hukumatining qo’li borigi aniqlansa, Yevropa Ittifoqini siyosiy javob qaytarishga chaqirgan.

O’zbekiston Xalq Harakati bayonotiga ko’ra, o’tgan yili Rossiyada faol Fuad Rustamxo’jayevning o’limi va Obidxon qoriga hujum ortida O’zbekiston hukumati turgani ehtimoldan xoli emas.

Yevropadagi o’zbek jamoatchiligi imomning muxolifatdagi faoliyatini qotillikning asosiy sababi sifatida ko’radi.

Fransiyada ro’yxatdan o’tgan “O’t yuraklar” inson huququlari tashkiloti va «LIGLIS-CENTER» siyosiy tadqiqotlar markazi ham puxta va xalqaro hamjamiyatni jalb qilgan holda tergov o’tkazishni talab qiladi.

O'zbekistonda ham imom xatiblik qilgan Nazarov aholi o’rtasida hurmat qozongan

«LIGLIS-CENTER» rahbari Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, chet elda Karimov rejimiga muxolif kuch deya ko’rilayotgan kishiga hujum ortida siyosiy sabablar bo’lishi shubhasiz.

Obidxon Nazarov haqidagi xabar Ozbekiston axborot vositalarida ham berilgan. www.12.uz uni Toshkentdagi teror xurujlari ortida turgan shaxs deb tanishtiradi.

Sahifaga ko‘ra, 2009-yilda Toshkentda kuzatilgan otishmalar, jumladan, Ichki ishlar vazirligi mulozimi Hasan Asadov o’limi, imom xatib Anvar Tursunovga hamla ortida Obidxon qori Nazarov turibdi.

Toshkentdagi "To’xtaboy" masjidida imom xatiblik qilgan Nazarov o’z ma’ruzalari bilan aholi o’rtasida keng e’tibor qozongan ulamolardan biri.

1998-yilda hukumat bosimi ostida mamlakatni tark etishga majbur bo’lgach, u avval Qozog’ston, 2006-yildan buyon Shvetsiyada muhojirotda yashab kelayotgan edi.

U rasmiy Toshkentning, ayniqsa, musulmonlarga nisbatan siyosatning ashaddiy tanqidchilaridan.

Qori O’zbekistonda qidiruvda, hukumat uni diniy ektremistik tashkilotni boshqarayotganlikda ayblab keladi. Uning ta‘limotiga aloqadorlikda ayblanib, o’nlab musulmon qamoqqa tashlangan. Ular orasida Obidxon qorining 2004-yilda o’zbek maxfiy xizmati tomonidan o’g‘irlab ketilgan o’g’li Husniddin Nazarov ham bor.