Toshkentda mustaqil jurnalist Sid Yanishev 3200 AQSh dollari miqdorida jarimaga tortilgan. 28-iyun kuni poytaxtda o’tgan mahkamada jurnalistning videokamerasi musodara qilingan.
Your browser doesn’t support HTML5
Jurnalist o’zini aybsiz deb biladi. Fergana.ru saytiga Toshkentdagi qurilishlar va ulardan aziyat chekkan aholi haqida tanqidiy maqolalar yozgan xolos. U bir kun avval Ichki ishlar boshqarmasiga suhbatga chaqirilgan edi.
Sid Yanishev sud qarori matni bilan hali tanishmagan, qaysi bandlarga ko’ra javobgarlikka tortilganini aniq aytish qiyin. Jurnalist “Amerika Ovozi” ga shoshilinch sud qanday o’tganini gapirib berdi.
“Men sudga chaqiruv qog’ozini kecha kechqurun oldim, sud bugun soat 10 ga belgilangan edi. Hammasi juda tez. Sud ham shunday tezlikda qaror chiqardi. G’alati tomoni - mening videokameramni davlat foydasiga musodara qilishdi. Gap shundaki, menga ma’muriy kodeksda bunday qoidaning o’zi yo’qligini aytishayapti. Nima meni kameramni musodara qilishsa, boshqasi bo’lmaydimi? Agar tasvirga olish lozim bo’lsa, men baribir olaveraman”, - deydi Yanishev.
“Sud haqida yana shuni aytishim mumkinki, sudga kelganlarning hammasi zalga qo’yildi, u yerda mening do’stlarim, huquq himoyachilari, AQSh elchixonasidan ham ikki nafar vakil bor edi. Hamma bu sudning buyurtma ekanini bilib turgan edi, shunday bo’lib chiqdi. Men sudda odamlar huquqini himoya qilganim haqida dalil-isbotlar keltirishimga qaramay, sud 7 daqiqada qaror chiqardi. Qaror avvaldan tayyor ekanligiga shubha ham yo’q edi”, - deya qo’shadi u.
“Mening himoyam uchun ikki guvoh bor edi, lekin ular qo’rqib qolishdi shekilli, ko’rsatmalarida adashib ketishdi. Xullas, bu sudning avvaldan aniq bo’lgan qaroriga biror ta’sir o’tkazgani yo’q. Sudda ma’muriy kodeksning ikki bandi keltiriladi, qaysilari ekanini hozir aniq aytolmayman, qaror matni bilan hali tanishishga ulgurmadim. Bu bandlarning biriga ko’ra eng kam ish haqining 10 baravari, boshqasiga ko’ra 100 barobar, umumiy hisobda esa eng kam ish haqining 100 barobari miqdorida jarimaga tortish haqida qaror qabul qilindi. Men albatta bu qaror ustidan shikoyat qilaman”.
Sid Yanishevga nisbatan mahkama jarayoni uning Toshkentdagi yo’l qurilishi paytida uylari buzilgan fuqarolardan olgan intervyulariga asoslanadi.
Ishki ishlar boshqarmasi jurnalist bilan gaplashgan fuqarolardan tushgan shikoyat arizalariga ko’ra ish tutayotganini iddao qilgan. O’zbekistondagi kam sonli mustaqil jurnalistlardan biri bo’lgan Sid Yanishev ushbu shikoyat arizalari fuqarolarga bosim ko’rsatish orqali yig’ilganini aytadi.