O’zbekistonda qolgan sanoqli mustaqil jurnalistlardan Sid Yanishevga nisbatan bosim boshlangan.
Hozir sudga chaqiruv qog’ozi kutayotgan qalamkash tazyiqlar ortida maxsus xizmat vakillari turganini taxmin qiladi.
Yanishev Toshkentdagi qurilishlar natijasida uylari buzilgan aholi haqida maqolasi bois Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilgan.
Unga ayblov qo’yilmagan, ammo ish sudda ko’rilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan.
Yanishevga bosim O’zbekistonda Matbuot kuni nishonlanayotgan bir paytga to’g’ri keldi.
Sid Yanishev taxallusi ostidagi tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Said Abdurahimov Ichki ichlar boshqarmasiga jurnalist ustidan yozilgan shikoyatga ko’ra chaqirilgan. Shikoyatlar jurnalistning Toshkentdagi yo’l qurilishi tufayli uylari buzilgan fuqarolar haqida yozgan maqolasiga asoslanadi.
Yanishev so'zlariga ko’ra, uylari buzilgan paytda yordam so’rab jurnalistga o’zlari murojaat qilgan bu fuqarolar ixtiyoriy tarzda Ichki ishlar boshqarmasiga shikoyat qilishi ehtimoldan yiroq. Buning uchun ularga bosim ko’rsatilgan bo'lishi mumkin.
“Men Toshkent markazidagi yo’l qurilishi natijasida uylari buzilgan fuqarolar huquqi toptalayotgani haqida maqola yozgan edim. Bu odamlar u paytda ko’chada qolishi mumkin edi. Men ko’chani aylanib, uyi vayron qilingan fuqarolar bilan gaplashdim, hamma menga bajonidil intervyu bergan, shikoyat arizalari biror natija bermayotgani haqida gapirishgan edi. Endi esa shu odamlar menga qarshi shikoyat yozishayapti, go’yo ular menga bunaqa gaplarni aytishmagan, bunaqasi bo’lmagan. Men bu arzlar huquq-tartibot organlari bosimi ostida olingan deb hisoblayman”, - deydi jurnalist.
Sid Yanishevning aytishicha, Ichki ishlar boshqarmasida o’tgan suhbatda unga nisbatan biror ayblov qo’yilmagan, arizalar bo’yicha ish sudda ko’rilishi mumkinligiga ishora qilingan. Boshqarmadagi suhbat ko’proq jurnalistik faoliyat va jurnalistlar haqida kechgan.
“Meni u yerda uch kishi so’roqqa tutdi. Suhbat esa negadir bosh mavzu qolib jurnalistlarga ko’chdi, jurnalistlar haqida har xil tafsilotlarni so’rashdi, men ularga bilmayman deb javob berdim. Men shunda bu odamlarni Ichki ishlar boshqarmasidan emas, Milliy xavfsizlik xizmatidan ekanligini tushundim. Xullas, ular menga nisbatan yo’q joydan ish ochishmoqchi, bu ish ortida esa xavfsizlik xizmati turibdi degan gumonim bor. Hozir men sudga chaqiruv qog’ozini kutayapman. Yordam so’rab hech qayoqqa murojaat qilishga ham ulgurmadim”, - deydi u.
Huquq-tartibot organlarining mustaqil jurnalist Yanishev bilan muloqoti jurnalistlar kasbiy bayrami Matbuot kuni nishonlanayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda.
O’zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkin rivojlanayotgani haqidagi nutqlarga serob bu bayramdan mustaqil jurnalistlar chetda. Matbuot kuni so’z erkinligi himoyasi emas, hukumatni olqishlash bilan tanilgan jurnalistlarni taqdirlash, rag’batlantirish uchun muhim ko’riladi. Davlat rahbarining tabrigi yangraydigan ayyom mamlakatda sanoqli erkin jurnalistlar guruhini tahdiddan xoli qilmaydi.
"Men Sid Yanishevga nisbatan bosimning Matbuot kuniga to’g’ri kelayotgani tasodif bo’lsa kerak deb o’ylayman. Ammo bu bosim so’z erkinligi masalasida ahvol hech o’zgarmaganidan darak beradi, hozirgi sharoitda bu kutilgan qadam, shunday bo’lishi kerak edi, bo’layapti", - deydi sanoqli mustaqil jurnalistlardan yana biri Vasiliy Markov.
O’zbekiston so’z erkinligi keskin bo’g’ilgan oz sonli davlatlardan biri sanaladi. Mustaqil matbuotning o’zi yo’q, 10 dan oshiq jurnalistlar turli ayblovlar bilan qamoq jazosini o’tamoqda.