O'zbekistonda mustaqil jurnalistlarga bosim yanada oshgan

So’z va matbuot erkinligi shu qadar cheklanganki, hatto jamoat joylarida ham suratga olish mumkin emas.

Mustaqil jurnalistlar nazarida O’zbekiston hukumati G‘arb bilan yaqinlashgani sari fuqarolik jamiyatiga nisbatan bosim shunchalik oshib bormoqda. So’z va matbuot erkinligi shu qadar cheklanganki, hatto jamoat joylarida ham suratga olish mumkin emas. Organlar muxbirlarni tazyiqqa olib, o’z faoliyatlari yuzasidan hisobot talab qiladi.



Yaqinda mustaqil jurnalistlar Sid Yanishev va Pavel Kravets poytaxt bozorlarida olgan suratlari uchun Ichki ishlar boshqarmasida so’roqqa tutulgan, faoliyatlari yuzasidan tutushuntirish xati yozishga majbur qilingan.

O’zbekiston sharoitida huquq-tartibot organlari bilan o’tgan har bir suhbat mustaqil jurnalistga nisbatan to’plangan jinoyat ishining yanada kengayishiga sabab bo’ladi.
Mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich deydiki, hamma uchun ochiq jamoatchilik joyi bo’lgan bozorda suratga olishni taqiqlash nafaqat mantiqsizlik, balki qonunga ham xilofdir.

“Oloy va Chorsudan tashqari boshqa bozorlarda suratga olish taqiqlangan. Men buni Q’oyliq va Yangioboddagi bozorlarda ham ko’rdim. Bozorlar ochiq jamoat joylari, strategik obyekt emas. Bu joylarda suratga olishni taqiqlash noqonuniy. Shundoq ham mustaqil jurnalistlar bilan bog’liq vaziyat o’ta ayanchli. So’nggi paytda ular ayovsiz jarimaga tortilmoqda. Mamlakatda mustaqil jurnalistlar qolmayapti. Bu sohaga kelayotgan yoshlar ham yo’q“, - deydi jurnalist.

Avvalroq mustaqil jurnalistlar Viktor Krimzalov va Yelena Bondar yirik miqdorda jarimaga tortilgan edi. O’zbekistonda ayni paytda o’ndan ortiq mustaqil jurnalistlar qamoqda. Qolganlar tazyiq ostida va hukumat istagan paytda ularga nisbatan jinoiy ish ochishi mumkin.

Aleksey Volosevich fikricha ayni paytda O’zbekistonda so’z erkinligini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan manfaatdor, buni keskin talab darajasiga ko’taradigan tomonning o’zi ko’rinmaydi. G’arb Toshkent bilan aloqani yaxshilar ekan, bu asosan hukumat darajasida, fuqarolik jamiyati qolib ketdi, deydi u.

“Faqat tepadagi kichik bir doira G’arbga yaqinlashmoqda. Buning sababi esa albatta Afg’oniston va u yerdagi harbiy yuklarning tranziti... Ma’lumotlarga ko’ra bu tranzit tepadagi o’sha tor doira uchun katta foyda keltiruvchi manba“, - deydi jurnalist.

Volosevich tahlilicha, G’arb bilan yaqinlashish albatta yaxshi, ya‘ni hukumat G’arbni rasman dushman sifatida ko’rmasligining o’zi ayrim holatlarda hech bo’lmaganda fuqaro jamiyati faollarini himoya qilish uchun imkoniyat beradi. Biroq ayni paytda bu aloqalarning qamrovi ancha tor.

“Qolaversa, G’arb davlatlarining diplomatik korpuslari ham fuqaro jamiyati vakillari bilan munosabatlarini bir qadar cheklagani kuzatiladi. Albatta, AQSh elchixonasini bundan biroz mustasno deyish mumkin. Har holda turli tadbirlar o’tkazib turishadi“, - deydi u.

Mamlakatda so’z erkinligi, inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat diplomatik muzokaralarda asosiy o’rinda emas, deya shikoyat qiladi faollar.

Jurnalistlarga nisbatan tazyiq kuchaygani va yaqinda Toshkent viloyatida huquq himoyachisi Akrom Muhiddinov o’ldirib ketilgani kuchli xavotir va qo’rqinch uyg’otmoqda.

Aleksey Volosevich singari jurnalistlar respublikada haqiqatni yoritadigan odamlar birma-bir nishonda ekanini aytadi. Muxbirlardan tortib, tanqidiy fikr bildiradigan fuqarolargacha.