Karimov Ostonada bitimlar imzoladi, suv muammosini ko'tardi

O’zbekiston rahbari Islom Karimovning Qozog’istonga rasmiy safari davomida o’zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolangan. Tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida hamkorlik, fuqarolarning o’zaro qatnovi, chegara punktlari faoliyatiga doir bitimlarga kelishilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Karimov Ostonada suv muammosini ko'tardi/Malik Mansur



Karimov ushbu uchrashuvdan foydalanib, mintaqada ziddiyatli qolayotgan masala - suvdan foydalanish muammosini yana bir bor ko’tardi, mintaqada xavfsizlik chora-tadbirlarini kuchaytirishga chaqirdi.

O’zbekiston rahbariga ko’ra, Afg’onistondan xalqaro qo’shinlar chiqarilishi, qudratli davlatlar manfaatlarining to’qnashishi mintaqada murakkab vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin. Bu O’zbekiston va Qozog’istondan xavfsizlik masalasida muvofiqlashgan siyosat talab qiladi.

Ostonadagi uchrashuvda Nursulton Nazarboyev va Islom Karimov strategik hamkorlikni rivojlantirish to’g’risida bayonot imzolashgan. O’zaro savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazamiz, degan bayonotlar yangragan.

Shuningdek, ko’p tomonlama muzokaralar natijasida Tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida 2014-yilgacha bo’lgan hamkorlik to’g’risida, tranzit qatnovlar, ikki davlat fuqarolarining o’zaro qatnovi, chegaradagi kirish-chiqish punktlari faoliyatiga doir hujjatlar imzolangan.

Faollarga ko’ra, O’zbekiston va Qozog’istonda jamoatchilikni birdek bezovta qilib turgan bugungi masala o’zaro bordi-keldining keskin qiyinlashgani bilan bog’liq. Ikki xalq prezidentlar uchrashuvidan shu muammo yechimini kutmoqda.

“O’zbekistonda 1,5 million qozoq bor. Ularning qarindoshlari Oozog’istonda ham yashaydi, O’zbekistonda ham. Hozir bordi-keldi qilish masalasi rosa qiyinlashib ketgan. Bu yerdagilar ikki prezident uchrashuvidan keyin shu masala yechilishidan umid qilib turishibdi”, - deydi Qozog’istonda qozoq va o’zbek tillarida chiqayotgan “Turkiston tongi” gazetasi bosh muharrir o’rinbosari Botir Norboyev.

Nazarboyev va Karimovning oliy darajadagi uchrashuvlari mintaqaning boshqa davlatlariga solishtirganda bir qadar muntazamroq kuzatiladi. Biroq bu mavjud muammolar hal bo’lishiga xizmat qilayapti degani emas.

“Asosiysi, bu shartnomalarni qog’ozda qolib ketmasligida. Ular imzolandimi, shunga qarab ishlash kerak, qog’ozda qolib ketmasin. Agar imzolangan hujjatlar amalga ko’chsa, albatta, bu juda yaxshi ish bo’lardi”, - deydi Botir Norboyev.

Ostonadagi uchrashuvlarda kun tartibidagi dolzarb muammolardan biri - mehnat muhojirlari bilan bog’liq vaziyat chetlab o’tilgan.

“Mehnat muhojirlari bugun juda dolzarb turgan masala. Bu hukumat miqyosida, prezidentlar o’rtasida yechilishi kerak. O’zbekistondan kelayotgan mehnat muhojirlari huquqlari davlat miqyosida imzolangan hujjatlarga ko’ra himoyalanishi kerak. Prezidentlar mehnat muhojirlari huquqlarini kafolatlash to’g’risida hujjat imzolashsagina vaziyat o’zgarishi mumkin. Hozir esa xudoga tavakkal qilib kelayotganlarni aldash, pulini bermaslik, pasportlarini olib qo’yish davom etmoqda”, - deydi Norboyev.


Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev matbuot anjumanida mintaqada suvdan foydalanish bilan bog’liq ziddiyatlarga to’xtab o’tishgan. Karimov fikricha, Tojikiston va Qirg’izistonda qo’shnilar maslahatisiz qurilayotgan yirik suv to’g’onlari katta janjalga, hatto urushga yetaklashi mumkin.

Nursulton Nazarboev esa bu davlatlarni qo’shnilar ehtiyojini inobatga olishga chaqirgan.