140 kishidan iborat O’zbekiston delegatsiyasi bugun Qirg’izistonning O’sh shahriga tashrif buyurdi. Bosh vazir o’rinbosari Adham Ikromov yetakchilik qilgan davlat idoralari vakillari, din, madaniyat va san’at arboblari shahar Markaziy maydonida Qirg’iziston xalqlari san’ati namunalari bilan tanishdilar. Uchrashuv va muloqotlar O’sh davlat universiteti, mahalliy O’zbek akademik teatri hamda tarixiy-madaniy majmuada davom etdi.
Xabarlarga ko’ra, shu kunning o’zida ikki mamlakat rahbarlari telefon orqali o’zaro hamkorlik ahvoli va istiqboli borasida gaplashgan.
Joriy oy boshida Qirg’iziston delegatsiyasi Andijonda bo’lib, ikki tomonning chegara yaqinida joylashgan viloyatlari aloqalarini rivojlantirish xususida memorandum imzolagan edi.
Rasmiy Toshkent ushbu uchrashuvga alohida e’tibor bilan yondoshgani delegatsiya tarkibidan ham ko’zga tashlanadi. Ro’yxatda Prezident devoni va boshqa oliy davlat idoralari vakillari, ulamolar, Ozodbek Nazarbekov, Zulayho Boyxonova, Gulsanam Mamazoitova, Abduhoshim Ismoilov kabi nomdor san’at ustalari o’rin olgan.
O’sh shahar maydonida mahalliy aholi vakillari bilan quyuq salomlashar ekan, O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri o’rinbosari Adham Ikromov bunday dedi:
“Juda yaxshi bo’ldi. Oldindan do’stona munosabatda bo’lganmiz. Andijon va O’shdagi bu uchrashuvlar bo’lajak aloqalar uchun katta zamin yaratdi, deb o’ylayman”.
Farg’onalik madaniyat arbobi, sirk san’ati ustasi Tursunali Mamajonov o’shlik dorbozlar xonadoni bilan quda tutingan. Uch yoshli jajji dorboz Behruzbek qo’shni o’lka delegatsiyasi tarkibida mehmonga kelgan katta bobosiga peshvoz chiqdi.
“Madaniyatimiz bir, san’atimiz bir. Bizning Vodilda shunaqa ko'chalar borki, bir tomoni Qirg’iziston bo’lsa, bir tomoni O’zbekiston. Oshgayam birga boramiz, to’yu-marakaga ham. Ahillik ulug’ ne’mat”, - deydi san’atkor.
U o’z guruhi bilan Qirg’izistonga safar qilishni istaydi.
Namangan viloyat qirg’iz milliy-madaniy markazining raisasi Mafirat Istamqulova ham uchrashuvlardan mamnun.
“Bu uchrashuv ikki xalqning ushalgan orzusi bo’ldi. Kim bilan gaplashsang - “voy, qanday sog’ingan edik”, deydi. Qardoshlik rishtalarini avaylab, bir-birimizning qadrimizga yetib, farzandlarimizga do’stligimizni topshirishimiz, vasiyat qilishimiz kerak”, - deydi u.
O’zbekiston delegatsiyasining tashrifi doirasida O’sh Davlat va Andijon Davlat universitetlari o’rtasida o’zaro hamkorlik borasida shartnoma imzolandi.
“Ushbu hujjat talabalar va ilmiy xodimlar almashuvi, ilm-bilim sohasida tajriba almashish, o’zaro tadbirlar o’kazishni ko’zda tutadi” - deydi O’sh universitetining rektori Kanibek Isakov.
Oddiy qirg’izistonliklar ko’pdan kutilgan ilk ijobiy qadamlar ortidan ikki mamlakat aloqalarining turli sohalarida konkret chora-tadbirlar amalga osha boshlashidan umidvor.