Janubiy Qozog’istonda o’zbek tilining kelajagi yo’q, deydi tilshunoslar

O’zbek tili O’zbekistonda davlat tili deb tan olinganiga chorak asr bo’ldi. Ona tilni asrab avaylash hech bir yurtda oson emas. Til zamon bilan hamnafas va har qanday o’zgarish bevosita uni ham o’zgartiradi.

O’zbek tili nafaqat O’zbekiston balki qo’shni davlatlarda ham muomalada. Ayrimlar fikricha, Qozog’iston janubida unga e'tibor pasayib ketgan. Yarim milliondan oshiq o’zbeklarning aksariyati Chimkent viloyatida yashaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Janubiy Qozog’istonda o’zbek tilining kelajagi yo’q/Malik Mansur

Bir qarashda Janubiy Qozog’istonda o’zbek tili bilan bog’liq vaziyat maromidagidek ko’rinadi. O’zbek tilida gazetalar bor, maktablar mavjud. O’zbek teatri, milliy madaniy markaz faoliyat ko’rsatadi.

Biroq viloyatda millatchilik kayfiyati kuchayishi o’zbeklarni xavotirga qo’ygan.

Chimkentda o’zbek va qozoq tilida chiqadigan “Turkiston tongi” gazetasi bosh muharriri Rahimtoy Begaliyev shunday deydi:

“O’zbek tili o’lgan. Janubiy Qozog’istonda o’zbek tili kelajakda hech qanday asosga ega emas. Sababi - testga kiritilmagan, qiziqish yildan-yilga kamayib ketayapti. Viloyatdagi ko’plab o’zbeklar o’quvchilarni rus tili, qozoq tilidagi maktablarga berayapti, chunki o’zbek tilidan nima foyda? Kelajakda institutga kirmasa, imkoniyati bo’lmasa degan tushuncha bor ularda. Shuning uchun ham maktablarda o’zbek tili va adabiyotidan beriladigan soatlarni qisqartirib tashlagan. O’zbek tilining ikki soati qozoq, rus, ingliz tiliga berilgan”.

Rahimtoy Begaliyevga ko’ra, o’zbek tilining rivojlanishi mahalliy hokimiyatning diqqati, homiylik ko’rsatishidan tashqari o’zbek milliy madaniyat markazi tutgan pozitsiyaga ham bog’liq.

“Bizda viloyat malaka oshirish instituti bor. Bu institut til rivojlanishi, o’qituvchilarning malakasini oshirish bilan shug’ullanadi. Mahalliy hokimiyat u yerdagi mutaxassislarga imkoniyat yaratib berishi lozim; o’zbek tilini rivojlantirish, maktabda o’qitishga doir dasturlarini ishlab chiqishsin. Biz tub millatmiz, xalq necha asrlardan buyon ota-bobolaridan kelayotgan madaniy va ma’rifiy me’rosni e’zozlab, huquqi va g’ururini saqlab yashashi kerak. Bugun viloyatdagi o’zbeklarning lideriman deb yurgan amaldorlar bor. Ular bu narsani tushunishi kerak, amal uchun qulluq qilib, bosh egib yashashi kerak emas”, - deydi Rahimtoy Begaliyev.

O’zbekistonlik tilshunos olim Botir Norboyev bir necha yillardan buyon Qozog’istonda yashab, faoliyat yuritadi. Qozog’istondagi o’zbek tiliga oid vaziyat haqida uning fikrlari:

“Qozog’istondagi millatchilikka duch kelgach, hozirgi paytda o’zbek tili yoki boshqa muammolarini ko’tarish, mening fikrimcha, ikkinchi-uchinchi darajadagi masalaga aylangan. Demokratik jamoatchilik shakllanmagan bir paytda bu muammoni ko’tarish, ularning jahlini chiqarib, bizning yurtimizda yashab, o’z muammolaringizni ko’tarayapsiz degan kayfiyatni sezib, bunga diqqat qilishga harakat qilmayapman. Buni tushunadigan odamlar kam. Nazarboyevda avvalgi sovet davriga xos bir baynalminalchilik saqlanib qolgan. Agar u ham millatchi bo’laganida, Qirg’iziston voqealarining Qozog’istonda takrorlanishini ehtimoldan soqit qilmasdim. Shuning uchun bu mavzuda keskin gapirmoqchi emasman. O’zbek tili saqlanayapti, 100 dan oshiq maktablar bor, ulardan 60-70 tasi faqat o’zbek tilidagi maktablar”.

Birmuncha oldin viloyatning o’zbeklar zich yashaydigan Qoramurt qishlog’ida o’zbeklar va qozoqlar o’rtasida mushtlashuv ro’y bergan edi. Mahalliy hokimiyat bu janjalni milliy ziddiyat emas, maishiy kelishmovchilik deb atadi. O’zbeklarni esa bunday maishiy ziddiyatlar muntazam tus olayotgani xavotirga soladi.