Vashingtonda bir necha xalqaro tashkilot O'zbekiston-AQSh yillik biznes forumi paytida piket o'tkazib, O'zbekiston paxta dalalarida bolalarni majburiy mehnatga jalb etish amaliyotiga norozilik bildirdi. Aksiyada yangi muxolif kuch, O'zbekiston Xalq Harakati vakillari ham ishtirok etdi.
Inson va mehnat huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar O'zbekistonda bolalarni paxta dalalariga olib chiqish amaliyotiga chek qo'yishni talab qilib keladi. Respublikada bunga doir qator hujjatlar imzolangani hamda O'zbekiston bolalarni mehnatga majburlashni cheklovchi xalqaro bitimlarga qo'shilganiga qaramay, kuzatuvchilar nazarida paxtakorlar orasida ko'plab yosh bolalarni uchratish mumkin.
Human Rights Watch tashkiloti hisobiga ko'ra, har yili O'zbekistonda 1,5-2 millionga yaqin bola ikki oy davomida paxta teradi.
Kechagi norozilik namoyishida huquq himoyachilari, kasaba uyushmalar a'zolari, amerikalik o'qituvchilar va o'zbekistonlik faollar ishtirok etdi. Piket AQSh-O'zbekiston yillik biznes forumi paytida o'tkazildi. Anjumanda O'zbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Elyor G'aniyev boshchilik qildi.
Norozilik piketi ishtirokchisi, O'zbekiston Xalq Harakatining Amerika bo'limi rahbari Islomiddin Dolimovning aytishicha, harakat O'zbekistonda faollar bilan muntazam ravishda aloqada bo'lib, daladagi ahvoldan xabardor.
O'zbekiston Xalq Harakatiga 2005-yil 13-mayida Andijondagi qirg'indan jon saqlab, mamlakatni tark etishga majbur bo'lgan insonlar asos solgan. Guruhga boshqa muxolif tashkilotlar vakillari, inson huquqlari faollari, O'zbekistondagi tuzumga qarshi kayfiyatdagi fuqarolar a'zo. Harakatning may oyida Germaniyada o'tgan qurultoyida "Erk" partiyasining yetakchisi Muhammad Solih unga rais etib saylandi. Bosh maqsad - Islom Karimovni hokimiyatdan ayirib, yangi iqtisodiy siyosat yuritish.
Islomiddin Dolimovning aytishicha, O'zbekistonda bolalarni dalaga olib chiqmasdan ham paxtachilikda samaradorlikka erishish mumkin. "Bizda bu borada qator takliflar bor", deydi faol.
Islomiddin Dolimov o'zgarishlarni tinch yo'l bilan amalga oshirish tarafdorimiz, deydi. U 24-sentabr kuni Rossiyaning Ivanovo shahrida harakatning bu mamlakatdagi muvofiqlashtiruvchisi Fuad Rustamxo'jayevning otib ketilganini afsus bilan tilga olib, O'zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmatini qotillikda ayblaydi.
Harakat a'zolari Fuad Rustamxo'jayevning o'limini qoralab, bugun Istanbuldagi O'zbekiston konsulligi oldida piket o'tkazdi.