G’arb Amerika Ovozi muxbirini himoya qilib chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

Abdumalik Boboyev "Amerika Ovozi" ga uzoq yillardan beri ishlab keladi. Professional jurnalist sifatida tanilgan. Maqola va lavhalarida O'zbekistondagi nozik va murakkab muammolarni yoritadi, ammo ular haqorat va norozilikka undashdan yiroq.

Qo’shma Shtatlar O’zbekistonda mustaqil jurnalistlarga tinimsiz bosimdan tashvishda. AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidagi vakili Yan Kelli so’zlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar ayniqsa Amerika Ovozi O’zbek xizmati muxbiri Abdumalik Boboyevga qarshi qo’yilgan ablovdan xavotirda.

Unga qo’yilgan ayblovlarning ko’pi Boboyevning kasbiy-jurnalistik faoliyati bilan bog’liq. Tuhmat, haqorat, jamiyat hayoti va xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallar tarqatish kabi ayblolar haqida gap ketmoqda. Yana bir ayblovga ko’ra, jurnalist chegarani noqonuniy kesgan va pasportga shtamp qo’ydirmagan, deyiladi aybnomada.

“2005 yildan beri Amerika Ovozi uchun ishlab kelsa-da, hukumatdan akreditatsiya olishga qayta-qayta urinsa-da, hukumat Abdumalik Boboyevning arizalarini e’tiborsiz qoldirib kelgan. Muxbir akreditatsiyasiz ishlashga majbur bo’lgan, ro’yxatdan o’tmagan holda ishlayapsan, degan tanqidlardan himoyasiz qolgan. Bu siyosat-taktika adolatsizdir”, - deyiladi Yan Kellining murojaatida.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotning Matbuot erkinligi bo’yicha vakilasi Dunya Miyatovich esa O’zbekiston hukumatiga maktub yo’llab, ta’qibni bas qilishga chaqirgan.

Rasmiy O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovga yo’llagan maktubida Abdumalik Boboyev va Vesti.uz sayti muharriri Vladimir Berezovskiyni tilga olgan. Abdumalik Boboyev Jinoiy kodeksning to’rt moddasi bo’yicha, xususan, bo’hton, haqorat, chegarani noqonuniy kesib o’tish va jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi maqoalarni targ’ib qilishda ayblanmoqda.

Berezovskiyga tuhmat aybi qo’yilmoqda.

Miyatovich o’z xatida yana uch jurnalistni eslab o’tadi: Dilmurod Sayid, Solijon Abdurahmonov va Hayrullo Hamidov.
“O’zbekiston rasmiylariga eslatib qo’yish mening burchim – jurnalist ishini professional bajara olishi uchun u erkin bo’lishi, voqealarni xolis yorita olishi kerak” deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili.

Qo’shma Shtatlar ham O’zbekiston hukumatini jurnalistlatni tahqirlashni, ularning kasbiy faoliyatiga to’sqinlik qilishni bas qilishga chaqirmoqda.