Ziyolilar: O’zbek-tojik prezidentlari arazni tashlasinlar

Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar so’nggi oylarda keskinlashgan. Tahlilchilar mintaqa barqarorligiga salbiy ta’sir etayotgan ushbu vaziyat yanada murakkablashishidan xavotirda. Faollar Dushanbe-Toshkent aloqalarini yaxshilash zaruratiga urg’u bermoqda.

Asrlar davomida chegara bilmay yashab kelgan tojiku-o’zbek xalqi orasidagi ahillik va qarindosh-urug’chilik hali ham mavjud. Ammo davlat miqyosidagi rasmiy munosabatlar kun-sayin sovuqlashib bormoqda.

Hukumatga muxolif Demokratik partiya faoli, siyosiy tahlilchi Abdujabbor Yo’ldoshev Tojikiston-O’zbekiston o’rtasida yomonlashib borayotgan munosabatlar Markaziy Osiyo integratsiyasi uchun to’siq bo’lib kelmoqda, deydi.

“Meni fikrimcha, bu yerda qandaydir shubhali harakatlar bordek. Chunki Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi tarqatgan bayonot aslida diplomatiyadan yiroqroq narsa edi”.

Darhaqiqat, Tojikistonning Moskvadagi elchixonasi respublikada vujudga kelayotgan og’ir sharoitda O’zbekistonni ayblab bayonot tarqatgach, munosabatlar o’ta tarang vaziyatga yetdi.

Rossiya mustaqil ekspertlaridan birining aytishicha, oradagi sovuqlik hech qachon bu darajaga bormagan. Boshqa bir tojik iqtisodchisining fikricha, bu yerda Markaziy Osiyodagi geosiyosiy nayranglar nafasini tuyish mumkin.

Tojikiston gidroinshootlar qurayotgani O'zbekistonni g'azablantirib keladi

“Turli-tuman cheklovlar, rasmiylarning bayonotlari, bularning hammasi asosiy maqsad yo’lidagi harakatlarning ko’rinishi xolos. Fikrimcha, kimlardir region birligiga qarshi puxta o’ylangan va uzoqqa mo’ljallangan reja asosida ish tutayotgandek ko’rinadi”, - deydi u.

Bunday holatdan tashvishga tushgan Tojikistondagi yetti partiya – Islom uyg’onish, Agrar, Kommunistik, Sotsialistik, Demokratik, Umummilliy sosial-demokratik va Iqtisodiy islohot partiyalarining So’g’d viloyat bo’limlari rahbariyati Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va ikkala davlat prezidentlariga o’zaro kelishmovchilikka barham berishni istab murojaat bilan chiqqan edilar.

Murojaat mualliflaridan biri, Tojikiston Islom uyg’onish partiyasi Xo’jand shahar bo’limi raisi, fan nomzodi Dadajon Yoqubov ikki mamlakat o’rtasida hech qanday g’araz bo’lmasligi kerak, deydi.

“So’g’d viloyatini agar qarasangiz, Tojikistonda Konibodomdan boshlab Istravshangacha, to Shahristongacha ko’plab o’zbeklar yashaydi. So’g’d viloyati territoriyasidan chiqsangiz, O’zbekistonda Samarqandda, So’xda, Chustda tojiklar yashaydi. Bularni ajratish hech mumkin emas. Ana shuning uchun biz murojaat bilan chiqdik. Negaki, payg’ambarimiz Muhammad s.a.v aytganki, urush, arazlash musulmon uchun uch kungacha, uch kundan so’ng qaysi biri qo’l uzatsa, o’shanga ajri savob katta bo’ladi. Ana shuning uchun biz ikki prezidentdan so’ragan edikki, bu arazni tashlasinlar, o’rtada murosa bo’lsin, bordi-keldi bo’lsin”.

Ekspert Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, Tojikiston-O’zbekiston o’rtasidagi sovuqlik Markaziy Osiyoga juda katta zarar keltiradi va shu sabab katta fojea yuz berishi mumkin.

“Chunki bizlarni o’zaro nizoga solib qo’yuvchi kuchlar bor. Boshqa davlatlar bundan foydalanib, kelajakda mintaqada portlashlar uyushtirishi mumkin bo’ladi”, - deydi u.

“Biz o’zbeklar bilan yaqin do’st, etu-tirnoqmiz, qarindosh-urug’miz. Bu qarindoshlik uzilib qolishi mumkin. Bundan kim naf ko’radi? Agar mavjud sharoit va uning kelib chiqish sabablari chuqur tahlil qilinsa, ko’p narsalarga oydinlik kiritish mumkin. Nega shunday qilinmayotgani ham taajjubli emasmi?” – deb so’raydi u.

Dadajon Yoqubov qo’shnilar orasi salbiyligidan manfaatdor kuchlar mavjudligi ehtimolini rad etmaydi.

“Men ham o’ylaymanki, o’rtada aalbatta chet ellarda bu fitna, ig’vo soluvchi odamlar bo’lishi mumkin. Lekin sog’lom aql bunga hech qachon yo’l bermasin. Xoh o’zbek, xoh tojik, qirg’iz bo’lsin, bular barchasi musulmon. Qancha do’stlik bo’lsa fayzu-baraka shuncha ko’payadi. Shuning uchun yana bir bor ikki prezidentdan so’raymanki, kelinglar, birlashinglar, bir-biringizga yordamlashing. Agar birortangizdan gunoh o’tgan bo’lsa, ikkinchingiz o’ting gunohdan. Ginamiz bo’lsa, ginani olib tashlab, do’stlikni oldinga qo’yish kerak”, - deydi u.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Tojikistonda yetti partiya rahbarlari emas, balki viloyat bo’limlari siyosiy murojaat bilan chiqqanining o’zidanoq bu nozik masalada rasmiy Dushanbe pozitsiyasini anglash mumkin. Chunki partiyalar murojaati hukmron Xalq demokratik partiyasi ishtirokisiz qabul qilingan edi.