Rog’un yechimi Karimov va Rahmon qo’lida

Bishkeklik olim Shoirbek Jo'rayev (o'ngda) fikricha, Rog'un ishga tushgach, Tojikiston qo'shnilarga, xususan, Afg'onistonga arzon energiya uzata boshlaydi. Bu esa Kobulning yarmini tok bilan ta'minlayotgan Toshkentga ma'qul emas.

O’zbekiston va Tojikiston suv va energetika bobidagi bahsga yaqin kelajakda yechim topishi gumon. Mintaqani o’rgangan ekspert, Bishkekdagi Amerika Universiteti olimi Shoirbek Jo’rayev yaqinda Vashingtondagi anjumanda shunday xulosa qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Rog'un yechimi Karimov va Rahmon qo'lida/Nasiba Tohir


Asosiy to’g’onoq bo’lmish prezidentlar o’rtasidagi ishonchsizlik hissini yengish uchun jahon hamjamiyatining e’tibori va vositachiligi kerak, deydi u.

Shoirbek Jo’rayev regional matbuotda yangrayotgan fikrlarni jamlar ekan, O’zbekiston-Tojikiston munosabatlarini “sovuq urush” holatida, deya ta’riflaydi. Chegarada o’rnatilgan va oddiy aholi hayotini qiyinlashtirayotgan minalar, temir yo’l qatnovidagi uzilishlar, gaz ta’minoti uzuq-yuluq ekani sababini, deydi mutaxassis, o’rtada talash ob-hayotdan izlash kerak.

“Mintaqani suv bilan ta’minlovchi asosiy arteriya – Amudaryoning 75 foizi Tojikiston hududidan o’tadi. Lekin uning bosh iste’molchisi daryoning quyi qismida joylashgan va sug’orish tizimi keng O’zbekistondir. Gaz va neft zaxiralari bo’lmagan Tojikiston aynan suv yordamida energiya ishlab chiqishi va uni sotishi mumkin. Shunday ekan, rasmiy Dushanbe GESlar qurmoqchi, biroq O’zbekistonga bu fikr ma’qul emas”, - deydi Jo’rayev.

Gap Amudaryoning irmog’i Vaxsh daryosida Rog’un gidroelektrostansiyasi bunyod etish haqida ketmoqda. Prezident Emomali Rahmon mo’ljaliga ko’ra, inshoot bitganida Markaziy Osiyoning eng yirik gidrostansiyasi bo’ladi va yiliga 13 milliard kilovatt/soat energiya uzatadi. Balandligi 335 metr Rog’un to’g’oni, deydi Shoirbek Jo’rayev, 14 milliard kubometr suv sig’dira oladi.

“O’zbekiston hukumati yirik, baland to’g’onga qarshi ekanini, zilzila ro’y bersa, regionni suv bosishi mumkinligini ta’kidlab keladi. Xususan, O’zbekistonning “Pravda Vostoka” gazetasida yozilishicha, bu GES bois kelasi 8-10 yilda daryoda suv keskin kamayib, O’zbekiston g’aznasi kamida 20 milliard dollar ziyon ko’radi”, - deydi Jo’rayev.

Ekspertning Toshkent va Dushanbedagi olimlar fikrlariga tayanib aytishicha, aslida Rog’un siyosiy vositadir. Rasmiy Dushanbe Tojikistonga yetaklovchi barcha transport yo’llari va energetika tizimlarini nazorat qiluvchi O’zbekistonga qarshi ta’sir vositasini izlayapti, deb hisoblaydi Jo’rayev.

Bundan tashqari, hozir O’zbekiston Afg’onistonga elektr energiyasi uzatib, masalan, Kobulning yarmini tok bilan ta’minlaydi. Agar Tojikistonda Rog’un ochilsa, afg’onlarga arzonroq energiya yetkaza boshlaydi va bu Toshkentning hamyoniga ziyon qilishi aniq, deydi tahlilchi.

“Suvga doir bahsni O’zbekiston va Tojikiston davlat idoralari o’tirib, maslahatlashib hal qila olishi kerak aslida. Lekin prezidentlar Emomali Rahmon va Islom Karimov o’rtasidagi chuqur ishonchsizlik bunga to’sqinlik qilmoqda”, - deydi bishkeklik mutaxassis.
Rog’un qachon suvga to’lar ekan deb, O’zbekiston xalqini sakkiz yil ob-hayotsiz qo’yishlariga qarab turamizmi?
Islom Karimov

Tojikistonning AQShdagi elchisi Nuriddin Shamsov muammoga ortiqcha siyosiy tus berish to’g’ri emas, deydi.

“Biz mamlakatning energetik ehtiyojini qondirmoqchimiz. Rog’un iqtisodiy loyihadir. Boshqa zaxiramiz yo’q ekan, suvdan foydalanishga majburmiz”, - deydi elchi.

Emomali Rahmon uchun Rog’un hayot-mamot masalasidir, deya yozadi Shoirbek Jo’rayev o’z tahlilida.

Tojikiston prezidenti GESning o’lchamlarini, uning balandligini qayta ko’rib chiqmoqchi emas. Joriy yil mayida Yevropa parlamenti vakili Nikol Kiil-Nilsen mamlakat energetik ehtiyojlarini tushungan holda “gidro-imoratni bahaybat qilish shart emas” deya mashalat berganida, tojik mutasaddilari norozi bo’lgan edi.

“Karimov Rog’un qurilishiga yo’l qo’ymoqchi emas. 2011-yilning oktabrida viloyatlar bo’ylab safar qilar ekan, u “Rog’un qachon suvga to’lar ekan deb, O’zbekiston xalqini sakkiz yil ob-hayotsiz qo’yishlariga qarab turishimiz mumkinmi?” deya o’smoqchilagan”, - deydi Jo’rayev.
Biz mamlakatning energetik ehtiyojini qondirmoqchimiz. Rog’un iqtisodiy loyihadir, siyosiy vosita emas.
Tojikiston elchisi Nuriddin Shamsov

Toshkent hisobicha, Amudaryoning yuqori qismida suvni ushlab qolishmasa, O’zbekistonda sug’oriladigan yerlar 4,3 million gektardan 10 million gektarga oshishi mumkin.

Shoirbek Jo’rayev biror tomon murosaga ko’nadigan emas, deydi. Aksincha, temir yo’l qatnovi va energeya ta’minotida uzilishlar tez-tez ro’y bermoqda. O’rtada Farhod GESi ustidan nazorat uchun ham munozara ketayapti. Yil boshida O’zbekiston tomoni chegaraga tanklar va boshqa harbiy transport vositalarini tortgan.

“Jahon banki Rog’un loyihasini ko’zdan kechirib, xulosani 2013-yilda e’lon qilishi kerak. Lekin ikki prezident shaxsiy adovatni chetga surib til topishmasa, xalqaro tashkilot xulosalari ish berishi gumon”, - deb hisoblaydi bishkeklik yosh olim.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston-Tojikiston, suv va siyosat/Uzbek-Tajik water dispute