Taniqli yozuvchi Timur Po’latov Qrimda ziyolilar bilan uchrashuvlar o’tkazgan. O’zbekiston va Tojikiston xalq yozuvchisi unvoniga ega, ancha yillardan buyon Moskvada yashayotgan adib qrim-tatarlarning vatanga qaytish harakatini qo’llab keladi.
Your browser doesn’t support HTML5
Timur Po’latov o’zbek adabiyotining 80-yillardagi taniqli vakillaridan biri. “O’zbekfilm” bosh muharriri, keyinchalik sobiq ittifoqning Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimida yuritgan faoliyati bilan ham tanilgan.
Timur Po’latov Qrimdagi uchrashuvlarini qrim-tatar xalqi taqdiriga befarq emasligi bilan izohlaydi.
“Biz O’zbekistonda yashaganmiz, ularning dardini bilganmiz. Shuning uchun men yana keldim bularni ko’rish, ahvolini so’rash uchun. Bugun Yozuvchilar uyushmasida uchrashuv bo’ldi, yozuvchilarning fikrlarini eshitdim. Mendan so’rashdi, biz endi na Ukraina, na boshqasi bo’lib turibmiz deyishdi. Men ularga aytdim, yozuvchilarning Xalqaro Pen klubi bor. Uning vitse-prezidentini bilaman, Moskvada birga o’qiganmiz. Agar qrim-tatarlar yozuvchilar uyushmasi yig’ilishib, shu Pen klubga qo’shilishga qaror qilishsa, yordam berishim mumkin dedim. Xalqaro miqyosga chiqishda shu klubga a’zo bo’linglar dedim”, - deydi Po’latov.
Qrim axborot agentligi bergan xabarga ko’ra, Timur Po’latov O’zbekistonga surgun qilingan qrim-tatar xalqining vatanga qaytish harakatini yaqindan quvvatlagan yozuvchilardan. Bu borada sobiq ittifoq rahbariyatiga murojaat bilan chiqqan o’zbek yozuvchilari qatorida Rauf Parfi, Muhammad Solih, Jamol Kamol va Timur Po’latov nomlari keltiriladi.
Yozuvchiga ko’ra, u qrim-tatar xalqi boshdan kechirgan qiyinchiliklarni yaxshi biladi, o’z vaqtida bu haqda ko’p yozgan.
Timur Po’latov Qrimdagi bugungi vaziyat, xususan tatarlar Rossiya tarkibida bo’lishni xohlashmayotgani haqidagi savolga quyidagicha javob beradi:
“Hozircha yangi yaxshi narsalar bor. Bular aytayapti, bizning tilimiz davlat tilida sifatida e’lon qilindi deb. Ular bunga 25 yil harakat qilishgani, lekin Yanukovich davrida bu amalga oshmaganini, hozir esa shu ush bo’lganini aytishdi. Men buni juda ijobiy hisoblayman, qrim-tatarlar o’z tilini saqlashi kerak. O’zbekistonda yurgan paytlari ko’plari o’z tilini yo’qotib rus tiliga o’tib ketishgan edi”.
“Hozir qrim-tatarlar orasida bunaqa gaplar yo’q. Bular faqat kelajagi nima bo’lishini, qaysi yozuvchilar uyushmasida bo’lishi lozimligini so’rashyapti mendan. Odamlar biror yangilik paydo bo’lsa, uni darrov qabul qilishmaydi. O’ylashadi, bu yangilik bizga zararmi, foydami deb, hozir shunday vaziyat”, - deydi yozuvchi.
Adibga ko’ra, siyosat qanday bo’lishidan qat’i nazar qrim-tatar xalqi o’z yeri, vatanini tark etmasligi kerak.
“Men ular haqida ko’p yozganman. Hozir Qrimda yashayapsizlar dedim, Bog’chasaroy tomonga borib uy-joylari bilan ham tanishdim. Vatan tuprog’ini, yerini ushlab turinglar dedim. Shu yerda qolib harakat qiling, hech qayerga ketmanglar. Chunki ayrimlari turli sabablar bilan ketish haqida ham gapirishdi. Aql bering, ushlab turing, ketishmasin dedim. Agar xalq ketsa nima bo’ladi, bu qrim-tatarlarning vatani, yeri”.
Rossiya Qrimni tortib olishi yarim orolning tub aholisi bo’lgan qrim-tatarlar orasida keskin norozilik uyg’otgan. Ularning milliy yetakchilari Mustafo Jemilev, Refat Chubarovlarning Qrimga kirishi taqiqlandi. Moskva siyosatidan norozi bo’lgan qrim-tataralarga nisbatan tazyiqlar kuchaygan.
So’nggi xabarlarga ko’ra, Rossiya maxsus xizmatlari Qrimdagi musulmon namozxonlar uyida tintuv o’tkazish amaliyotini davom ettirmoqda.
Timur Po’latov Qrimdagi musulmon jamoatchiligi, ular huquqiga oid vaziyat bo’yicha hozircha aniq tasavvurga ega emasligini aytadi.
“Men avval musulmonlarni avholini bir so’ray. Allohga shukr o’zim musulmonman, namoz o’qiyman”, - deydi u.
Rus tilida ijod qiluvchi adib O’zbekiston va Tojikiston xalq yozuvchisi unvoniga ega, Hamza nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Timur Po’latov Buxoroda tug’ilgan, jamoatchilikka 80-90 yillarda e’lon qilingan bir qator asarlari bilan tanish.
Yozuvchi 1991-yilda SSSR Yozuvchilar ittifoqining birinchi kotibligiga saylandi. Ittifoq qulaganidan keyin MDH yozuvchilari tashkilotini 2000-yilgacha boshqarib keldi.
Timur Po’latov 1990-yillardan boshlab Rossiyada yashaydi. O’zbekiston mustaqillikka erishishi ortidan adibning nomi o’zbek matbuotida deyarli unutilgan.