O’zbekistonning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Prezident Ashraf G’ani bilan uchrashuvda mamlakatga uzatilayotgan elektr energiyasi narxi pasaytirilishini aytgan.
Prezident saroyi chiqargan bayonotga ko’ra, elektr narxi iyul oyidan e’tiboran 40 foizga arzonlashadi.
O’zbekiston Surxondaryodan Afg’onistonning Bag’lon viloyatiga 1000 megavatt elektr quvvati yetkazib bermoqchi. Bu hajmdagi ta’minot markaziy viloyatlar ehtiyojini qondirishi mumkin.
O’zbekistonning Afg’onistonga uzatayotgan elektr toki qish mavsumida 300 megavattga oshadi, bahorda esa 100 megavattga kamayadi.
Ismatulla Irgashev Prezident G’ani bilan Kobul anjumani va Toshkent konferensiyasi natijalari haqida ham gaplashgan. G’ani bu anjumanlar natijalari va iqtisodiy hamkorlikni nazorat qilish uchun qo’shma delegatsiya tashkil etilishni taklif etmoqda.
O’zbekiston maxsus vakili Afg’onistonga har tomonlama yordam berilishini yana bir bor ta’kidlagan.
Ismatulla Irgashev Kobulda afg’on rahbarining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Muhammad Hanif Atmar bilan ham gaplashib oldi.