Xalqaro Amnistiya (Amnesty international) tashkilotiga ko'ra, AQSh va Germaniya bilan hamkorlik O'zbekistonda qiynoqlar davom etishiga hissa qo'shmoqda. Chunki, hukumat biladiki, G'arb uni bu borada savolga tuta olmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
"Maxfiylik va yolg'on: O'zbekistonda qiynoqlar ostida iqrornoma olish” (Secrets and Lies: Forced confessions under torture in Uzbekistan) deb nomlangan hisobot 2013-2015-yillardagi vaziyatni tahlil qiladi.
Xalqaro Amnistiya O'zbekistonda majburan aybni tan oldirish, rejimga muxolif bo'lganlarga bosim ko'rsatish vositasi bo'lib qolayotgan qiynoqlarga AQSh va Yevropa ko'z yumayotganini sharmandalik deb baholaydi.
Yevropa Ittifoqi Andijon fojeasi bois O'zbekistonga qo'ygan sanksiylardan voz kechishi, Termizdagi harbiy baza ijarasidan Germaniya manfaatdor ekani, AQSh O'zbekistonga joriy etgan cheklovlaridan voz kechib, harbiy yordam yetkaza boshlagani repressiv siyosatni qo'llab-quvvatlashdir, deya izohlaydi tashkilot.
“O'zbekiston xalqaro hamkorlarining muntazam qiynoqlarga munosabati yumshoqroq aytganda ikkiyuzlamachilik, keskinroq aytganda esa sukutdagi ishtirokka o'xshaydi. AQShning strategik toqat sifatida ifodanlagan siyosatini aslida strategik moyillik deyish mumkin. AQSh, Germaniya va Yevropa Ittifoqi qiynoqlarni to'xtatishni O'zbekistondan keskin talab qilishi kerak”, - deydi Xalqaro Amnistiya tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Jon Dalxuizen.
Xalqaro Amnistiya O'zbekistonga kirishi taqiqlangan, ammo mamlakatdagi vaziyatni muntazam kuzatib kelayotgan tashkilotlardan biri. Qiynoqlar turi, qiynoq ko'rsatish uchun maxsus kameralar majvudligi haqida ma'lumot beruvchi navbatdagi hisobot so'nggi ikki yilda o'tkazilgan 60 ga yaqin suhbat, 20 yil davomidagi dalillar asosida tayyorlangan.
Tashkilot sahifasida “Do'zaxdan maktublar” nomli maqola ham chop etilgan. Qamoqxonadan chiqarilgan xatlar, qiynoq qurbonlari, o'zbek faollari bilan suhbat asosida qurilgan bu maqolada O'zbekiston turmalarida vaziyat do'zaxga qiyoslanadi.
Xalqaro Amnistiyaning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori muovini Denis Krivosheyevning aytishicha, O'zbekiston inson huquqlari qo'pol buzilayotgan, dunyodagi eng yopiq davlatlardan biri, bunga qaramasdan G'arbdagi xalqaro hamkorlari tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinmoqda.
“O'zbekistoning xalqaro hamkorlari mamlakatda inson huquqlari qo'pol toptalayotganiga diqqat qaratayotgani ham yo'q, biz buni jiddiy xavotir bilan qabul qilayapmiz. Inson huquqlari ikki tomonlama muloqotlarda ham, ko'p tomonlama muloqotlarda ham asosiy o'rinda turishi kerak, biz esa buni ko'rmayapmiz. O'zbekistonda shundoq ham bir necha inson huquqlari faollari qolgan, ular ham muntazam tazyiq ostida, qiynoq qurbonlari esa hatto O'zbekistondan tashqarida ham tahlika ostida yashshadi”, - deydi Krivosheyev.
Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva G'arbda faoliyat yuritib kelayotgan faollardan biri. Uning hisoblashicha, AQSh va Yevropa O'zbekistonga nisbatan siyosatda umumiy pozitsiyaga ega.
“Afsuski, hozir Yevropaning ham, AQShning ham Toshkentga nisbatan siyosatida global xavfsizlik, Afg'oniston bo'yicha hamkorlik asosiy o'ringa chiqdi. Ammo biz O'zbekistonda demokratiya va erkin fuqarolik jamiyatini tiklashni, qochqinlar oqimini to'xtatishni, siyosiy mahbuslar bo'lmasligini istar ekanmiz, inson huquqlari masalasini xavfsizlikka almashtirish kerak emas. Muloqotlar boshida turgan AQSh, Germaniya, Fransiya va Angliya kabi davlatlar inson huquqlari bo'yicha muloqotda qat'iy pozitsiyada bo'lishi kerak”, - deydi Atayeva.
2005-yil Andijonda yuzlab namoyishchilarni o'qqa tutishi ortidan O'zbekiston va G'arb aloqalari bir muddat muzlab qoldi. Yevropa Andijon voqeasini mustaqil tergov qilish talabi bilan O'zbekistonga sanksiyalar qo'ydi, AQSh ayrim cheklovlar kiritdi.
Ittifoq 2009-yilga borib Termizdagi harbiy aeroport ijarasini saqlab qolgan Germaniya tashabbusida O'zbekistonga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qildii.
Andijon voqeasi ketidan keskin sovuqlashgan Vashington-Toshkent munosabatlari ham strategik omillarga ko'ra jonlana boshladi. Afg'onistondan xavf ortishi barobarida Amerika O'zbekistonga katta miqdorda harbiy yordam jo'natdi.