O'zbekiston qo'shnilar bilan aloqalarni yaxshilamoqda

  • Amerika Ovozi

Qirg'izistonda o'tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yig'ini, 3-noyabr, 2016-yil.

O'zbekistonda rahbar o'zgarishi o'zaro ziddiyatli aloqalarga ega bo'lib kelgan qo'shni davlatlar bilan munosabatlarga ancha ijobiy ta'sir ko'rsatdi. 25 yillik tanaffusdan so'ng Toshkent-Dushanbe aviaqatnovlari yo'lga qo'yiladigan bo'ldi. O'zbekiston bu yo'nalishida charter reys amalga oshirilgani, muntazam qatnovlar keyingi yilning yanvar oyidan boshlanishi haqida ma'lumot tarqatdi.

“O`zbekiston Havo yo`llari” delegatsiyasi Tojikistonda bo`lib muzokaralar o`tkazgan, yanvar oyidan Toshkent-Dushanbe o`rtasidagi qatnovlarni haftasiga ikki marta amalga oshirishga kelishilgan. Chegara hududlarida yashaydigan aholi tomonidan chegara postlari orqali o`zaro qatnovlar ham biroz yengillashgani qayd etilmoqda.

Qirg`iziston bilan aloqalarda ham rivojlanish kuzatiladi. Prezident Atambayev muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyevni yaxshi tanishini, O`zbekistondagi prezidentlik saylovlaridan so`ng ikki o`rtadagi aloqalar yanada iliqlashishi haqida gapirmoqda.

Qirg'iziston rahbari 30-noyabr kuni o`tkazgan matbuot anjumanida o`zaro aloqalarda ziddiyat manbasi bo`lib kelgan Qambarota elektr stansiyasi haqida to`xtalgan va bu inshootni O`zbekiston bilan hamkorlikda qurish taklifini bildirgan.

Karimov davrida O`zbekistonning eng ziddiyatli aloqalari aynan shu qo`shni davlatlar bilan bo`lgani e`tiborga olinsa, uning o`limi ortidan o`tgan uch oy mobaynida kuzatilgan o`zgarishlar munosabatlardagi taranglik Karimov shaxsiga bog`liq edi, degan xulosani beradi.

Ammo bu xulosa mintaqa davlatlari o`rtasida haqiqatda ziddiyatli muammolar yo`q degani emas, ayniqsa suvdan foydalanish maslasida.Sharhlovchilar Toshkent qo`shni davlatlar bilan aloqalarni yangi sahifadan boshlashga qaror qilgani haqida mulohaza qilishmoqda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabimovga ko`ra, hozirgi sharoitda yangi hokimiyat mavjud muammolarni diplomatik yo`llar bilan yechishga urg`u bermoqda.

“O`zbekiston hukumati buyog`iga Tojikiston bilan, Qirg`iziston bilan yoki boshqa qo`shni davlatlar bilan munosabatlarni chigallashtirish tarafdori emas. Hukumat keyingi yillardan muammo yuz ko`rsatishi bilan, deylik, Amudaryo yoki Sirdaryodan kelayotgan suv hajmi jiddiy qisqaradigan bo`lsa, buni diplomatik yo`llar bilan asoslashgan harakat qiladi. Chunki suv tanqisligi O`zbekiston qishloq xo`jaligiga jiddiy ta'sir ko`rsatadigan bo`lsa, bu mamlakatdagi ijtimoiy portlashni kafolatlaydi”, - deydi Rabbimov.

Toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko`ra, qo`shni davlatlar bilan muammolarni faqat Karimov shaxsida ko`rish noto`g`ri, qo`shnilar bilan munosabatlar yaxshilanishi kerak, ammo hozirgidek jamoatchilikdan yopiq shaklda emas.

“Toshkent bosim siyosatini o`zgartirib, takallufga o`tayotganga o`xshaydi. Shu yo`l bilan O`zbekiston manfaatlarini himoya qilmoqchidir. Ammo bu manfaatlar nimada? Ya'ni, O`zbekiston manfaati Qirg`izistonda, Tojikistonda yashayotgan o`zbeklar xavfsizligini kafolatlashmi yoki boshqa narsalarmi? Chunki Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston elchixonalari O`zbekistonda yashayotgan millatdoshlari taqdiridan, ularning xavfsizligidan doim xabardor. Biznikilar esa ichki ishga aralashmaymiz deb, o`zlarini tortib kelishadi. Ikkinchidan, Rog`un masalasi, bu faqat Karimov shaxsi bilan bog`liq emas, uning real xavfi bor. Hukumat o`z jamoatchiligiga bu borada hech narsa demayapti, jamoatchilik esa bilishi kerak. Bu oziq-ovqat xavfsizligiga qanday ta'sir qiladi, nimalarga, qanday oqibatlarga olib keladi bu, yoki Qirg`izistonda rejalanayotgan to`g`onlar”, - deydi Anvar Nazir.

Muvaqat prezident Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilashi yangi hokimiyatdagi ijobiy o`zgarishlardan biri sifatida e`tirof etildi. Bu o`zgarish, ayniqsa, qo`shni davlatlar, chegara hududlarida yashayotgan o`zbeklar tomonidan ham olqishlandi. Tojikiston, Qirg`iziston bilan o`zaro do`stlik aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlar o`tkazildi.

Mintaqa davlatlari o`rtasida suvdan foydalanishdan tashqari chegarani aniqlash masalasi ham dolzarb turibdi. O`zbekiston Qirg`iziston va Tojikiston bilan demarkatsiya qilinmagan chegara hududlariga ega. Rasmiy Toshkent so`nggi paytda Tojikiston va Qirg`iziston rasmiylari bilan chegara hududlarini aniqlashtirish bo`yicha ham muhokamalar o`tkazgan.

Mintaqa davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish O`zbekiston tashqi siyosatidagi eng ustuvor masala sifatida e`tirof etilgan.