O'zbekistonning Xitoy bilan strategik hamkorlik boshlashi mintaqada geosiyosiy raqabotni kuchaytirishi mumkin, deydi tahlilchilar. Ayniqsa, Xitoy va Rossiya o'rtasida. Xitoy bilan aloqalar rivojini o'zbek xalqining farovonligiga tenglashtirgan Prezident Islom Karimov uchun yangi strategik hamkor kutilganidan xavfliroq bo'lishi haqida ham xavotirlar mavjud.
O'zbekistonga milliardlab dollar sarmoya kiritayotgan Xitoy amaldagi hokimiyatga kafolat sifatida qarayotgani, mintaqa bilan harbiy-siyosiy hamkorlikka o'tish ham O'zbekistondan boshlanishi mumkinligi aytilmoqda.
Xitoy rahbarining tashrifi O'zbekistonda keng yoritildi, davomiylikda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitini ham ortda qoldirgan. Karimov va Prezident Si Zinpinning parlamentdagi nutqi oradan bir hafta o'tib matbuotda e'lon qilindi.
O'z nutqida sobiq ittifoqni, O'zbekiston boyliklarini tashigan markazni keskin tanqid qilgan Karimov Si Zinpin qiyofasidagi Xitoyni ulug'lagan. Prezident o'zbek xalqi farovonligi Xitoy bilan aloqalar rivojiga bog'liqligini, strategik sheriklik O'zbekiston uchun sharaf ekanini ta'kidlagan.
Prezident nutqining ask-sadosini o'zbek matbuoti davom ettirmoqda, matbuotda Xitoy tarixan sinalgan va ishonchli hamkor sifatida baholanadi.
Munosabatlar yangi bosqichga kirganini mustaqil ekspertlar ham e'tirof etmoqda. Hozirgacha Xitoy ta'siridan chetlanib kelgan O'zbekistonning ekspansiyaga ochilishi geosiyosiy maydonda o'zgarishlar qilishi, mintaqada Xitoy va Rossiya raqobatini kuchaytirishi mumkin.
Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomov bu haqda shunday deydi:
“O'zbekistonda inson huquqlari qo'pol toptalayotgani, biznes yuritish shaffof emasligi, konvertatsiya bilan bog'liq muammolar, xalqaro me'yorlarning buzilishi xorijlik investorlarni cho'chitayotgan asosiy sabab sifatida qolmoqda. Bunday sharoitda Xitoy O'zbekiston uchun asosiy muqobil, uning sarmoyasi nafaqat O'zbekistonni, balki atrofdagi boshqa davlatlarni ham Xitoy loyihalariga bog'lab qo'yishni maqsad qiladi. Bu sarmoyaning yarmi iqtisodni, bozorni ko'zlayotgan bo'lsa, boshqa bir yarmi geosiyosiy maqsad - mintaqada Xitoy ta'sirini kuchaytirish uchun sarflanadi. O'zbekistonda har qanday yirik loyiha prezident shaxsan ma'qullashidan so'nggina amalga oshadi. Shu ma'noda Xitoy mablag'iga o'zbek hukumati kafolat bo'lgan deyish mumkin”.
Karimov parlamentdagi chiqishida Si Zinpin tashrifi davomida 2,7 milliard dollarlik kredit shartnomasi imzolanganini aytgan. So'nggi ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekistonga sarmoya kiritishda Xitoy Rossiyani ortda qoldirmoqda.
Ekspertlarning aytishicha, Xitoyning mintaqaga shiddat bilan kirib kelayotgani ertami-kechmi Markaziy Osiyoni kim boshqarmoqda, degan savolni ko'ndalang qo'yadi.
“Biz hozir faqat iqtisodiy, sarmoyaviy ishtirokni ko'rayapmiz, navbatda esa harbiy-siyosiy hamkorlikni kuchaytirish turganiga shubha yo'q. Bu esa Xitoy va Rossiya o'rtasida raqobatni kuchaytirishi, oqibatda Markaziy Osiyoni kim boshqarayotgani haqidagi savolga oydinlik kiritishni talab etishi mumkin”, - deydi Ilhomov.
Toshkentlik sharhlovchi Yuriy Chernogayev fikricha, Xitoy bilan strategik sheriklik O'zbekiston uchun Rossiya bilan munosabatlarda muvozanatni saqlashda muhim. Ayrim masalalarda Moskva bilan hamfirk bo'lmagan Toshkent Rossiyaning mintaqadagi qudrati oshishidan hadikda.
Shvetsiyada yashayotgan o'zbek muxolifati faollaridan biri Hazaratqul Xudoyberdi Xitoy bilan strategik aloqalar soladigan xavfni Qozog'istondagi “yer islohoti” bilan bog'liq noroziliklar misolida izohlaydi:
“Mintaqa davlatlari Rossiyadan qo'rqadi. AQSh, Xitoyga o'xshagan qudratliroq davlatga suyanishni istaydi. Xitoyga ishonishning qaltisligi, bilasiz u yerda uyg'ur birodarlarimiz og'ir ahvolda yashaydi. Bu degani O'zbekiston ham, Qozog'iston ham ularnig taqdiri haqida gapirishdan mahrum degani. Xitoyda kommunistik tuzum iqtisodda ma'lum erkinliklar qildi, rivojlandi. Afsuski, bu kuchayishi ortidan katta bu millatning Rossiya, Qozog'istonga yurishi ham kuzatildi. Qozog'istonda Xitoyga yer sotilishini taqiqlash uchun qancha janjal bo'ldi. Xitoy Tojikistondan ham qancha yer oldi. O'zbekiston bilan hamkorlikdan Xitoy nimani ko'zlayotgani noma'lum, ammo bu aloqalar bekorga rivojlanayotgani yo'q”, - deydi Hazratqul Xudoyberdi.
Alisher Ilhomov Toshkentning Xitoy bilan munosabatlarni Rossiyaga nisbatan ishlatish imkoniyatini past baholaydi. Jarayonni Xitoyning o'zi boshqaradi, deydi u.
“To'g'ri, O'zbekiston Xitoy bilan aloqalarini yanada yaqinlashtirish tarafdori, qaysidir ma'noda bundan Rossiya qudratiga qarshi turishda foydalanmoqchi. Ammo Xitoy unga bunday imkoniyat qoldirishi shubhali, chunki mintaqadagi geostrategik dastaklar uning qo'lida”, - deydi Ilhomov.
O'zbekiston iqtisodidagi mavjud tanglik, Rossiyadagi inqirozning mamlakatga ta'siri, valyuta zaxirasining tugab borayotgani Toshkentni Xitoydan ko'mak izlashga mahkum etgani aytilmoqda.